Afg‘onistonning “Tolibon” harakati Pokiston kuchlarining Paktiya va Paktika provinsiyalariga uyushtirgan hujumlari oqibatida uch nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani, yana uch kishi jarohatlanganini xabar qildi. Bu haqda “8 am news” xabar berdi.
“Tolibon” matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulla Fitratning ma’lum qilishicha, hujumlar 6-mart kuni qayd etilgan. Pokiston askarlari Paktiyaning Samkaniy va Patan tumanlaridagi aholi xonadonlariga hujum qilgan.
Oqibatda Chaman ismli fuqaro halok bo‘lgan, yana bir kishi yaralangan. Shuningdek, mazkur tumanlarda 10 ta uy, 14 ta do‘kon, 2 ta bozor va bir masjid vayron bo‘lgan.
Fitrat, shuningdek, Paktikaning Barmal va Shakin tumanlaridagi hujumlarda ikki kishi halok bo‘lib, ikki kishi jarohatlanganini ta’kidladi. “Tolibon” vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Alishir va Tere Zayi tumanlarida 100 dan ortiq oila o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan, 10 ta xonadon esa butunlay vayron qilingan.
Tolibon va Pokiston o‘rtasidagi taranglik 26-fevraldan beri davom etmoqda va har ikki tomonda ham talafotlar qayd etilgan. Tomonlar o‘rtasida 6-mart kuni ham to‘qnashuv yuz bergandi.








