Daryo

Afgʻoniston va Pokiston chegarasida qurolli toʻqnashuv yuz berdi

Voqea Pokistonning Afg‘onistonga uyushtirgan va 18 kishining oʻlimiga sabab bo‘lgan havo zarbalaridan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi. “Tolibon” mazkur aviazarbalarga javob qaytarishga vaʻda bergandi.

2 daqiqa o‘qish3 808 ko‘rishlar0 izoh1

Afg‘oniston va Pokiston kuchlari o‘rtasida 24-fevral kuni chegara hududida to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Voqea Pokistonning Afg‘onistonga uyushtirgan va ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan havo zarbalaridan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi. Yangi to‘qnashuvlar yuzasidan tomonlar bir-birini ayblamoqda.

Afg‘onistonning Nangarhor viloyati sharqidagi axborot bo‘limi rahbari Zabihulloh Nuroniyning aytishicha, Pokiston harbiylari chegara yaqinidagi Shohkot hududida birinchi bo‘lib o‘q uzgan. U shundan so‘ng janglar to‘xtagani va afg‘onlar orasida qurbonlar yoʻqligini aytdi.

Pokiston hukumati rasmiysi Musharraf Zaydiy esa afg‘on kuchlarini Torxam chegara hududi yaqinida sababsiz o‘q uzishda aybladi.

Pokiston xavfsizlik kuchlari zudlik bilan javob qaytardi va “Tolibon” tajovuzini samarali tarzda bostirdi, dedi Zaydiy.

​To‘qnashuvlar 21-fevral (shanba) kuni kechasi Pokistonning Nangarhor va Paktika viloyatlariga bergan zarbalaridan so‘ng yuz berdi. BMTning Afg‘onistondagi missiyasi bu hujumda kamida 13 nafar tinch aholi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

“Biz javob qaytaramiz”

“Tolibon” hukumati shanba kuni kamida 18 kishi halok bo‘lganini bildirdi va javob qaytarishga vaʻda berdi. Shu tariqa Afg‘oniston tomoni Pokistonning harbiy operatsiya davomida 80 dan ortiq jangari yo‘q qilingani haqidagi bayonotini rad etdi.

Pokiston Afg‘onistonni uning hududidan turib hujumlar uyushtirayotgan qurolli guruhlarga qarshi choralar ko‘rmayotganlikda ayblamoqda. “Tolibon” hukumati esa bu ayblovlarni inkor etmoqda.

Pokiston harbiylari 21-fevral kungi hujum Afg‘onistondagi qurolli guruhlarga tegishli “lager va boshpanalar”ga qaratilganini bildirdi. Operatsiya bir necha kun avval Pokistonda sodir etilgan yirik teraktdan so‘ng amalga oshirilgan.

Pokistondagi soʻnggi teraktlar

Afg‘oniston bilan chegaradosh Xaybar-Paxtunxva viloyatining shimoli-g‘arbidagi Bajaur tumanida xudkush terrorchi portlovchi moddalarga to‘ldirilgan avtomobilni xavfsizlik posti devoriga borib urgan. Portlash oqibatida binoning bir qismi qulab tushib, 11 nafar harbiy va bir nafar bola halok bo‘lgan. Pokiston rasmiylari keyinchalik xudkush terrorchi Afg‘oniston fuqarosi bo‘lganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Pokiston fevral oyida Islomoboddagi shialar masjidiga uyushtirilgan va 31 nafar odam halok bo‘lgan xudkush hujumi “Afg‘onistondagi rahbariyati va ko‘rsatma beruvchilar buyrug‘i bilan” harakat qilgan jangarilar tomonidan amalga oshirilgani haqida “aniq dalillar” borligini ta’kidladi.

Pokistonda so‘nggi yillarda jangarilar zo‘ravonligi kuchaygan. Ularning aksariyati TTP va Balujiston separatist guruhlari bilan bog‘liq. 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatga qaytgach, Pokiston TTP jangarilari Afg‘oniston hududidan turib harakat qilayotganini da’vo qilmoqda. Bu ayblovni guruhning o‘zi ham, Afg‘oniston hukumati ham rad etib kelmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar