Fransiya chempionati 2025/2026-yilgi mavsumining 19-turi doirasida “Mets” va “Lion” jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi.
Mets shahridagi “Sen-Simforien” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv “Lion”ning 5:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvda hisobni 11-daqiqada “Lion”ning braziliyalik hujumchisi Endrik ochdi. Oradan besh daqiqa o‘tib, Ruben Klyuivert mehmonlar ustunligini oshirdi. 32-daqiqada yarim himoyachi Tayler Morton hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. 34-daqiqada “Mets” himoyachisi Koffi Kuao hisobni qisqartirdi. Birinchi bo‘lim yakuniga yaqin, 45+1-daqiqada Endrik dublni rasmiylashtirdi.
Ikkinchi bo‘limning 64-daqiqasida mezbonlar hujumchisi Habib Diallo gol urdi. 87-daqiqada Endrik penaltini aniq amalga oshirib, xet-trik qayd etdi.
Ushbu g‘alaba evaziga 19-turdan so‘ng “Lion” 36 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. “Mets” esa 12 ochko bilan so‘nggi — 18-pog‘onada joylashgan.
Endrik “Lion” safiga “Real Madrid” klubidan ijara asosida kelib qo‘shilgan. 19 yoshli braziliyalik futbolchi joriy mavsumda “qirollik klubi” safida uchta uchrashuvda maydonga tushgan edi. Hujumchi “Lion” tarkibiga qo‘shilgach, uchta uchrashuvda to‘rtta gol va bitta golli uzatmaga mualliflik qildi. Ikki uchrashuvda u o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Transfermarkt portali Endrikning bozor qiymatini 25 million yevroga baholagan.








