Madridning “Real” klubi futbolchisi Endrik faoliyatini Fransiya chempionatida davom ettirishi mumkin. Globo nashrining xabar berishicha, hujumchi qishki transfer oynasi vaqtida “Lion”ga ijara asosida o‘tadi. Manbaga ko‘ra, 19 yoshli futbolchi Fransiya klubi safida o‘zini ko‘rsatishni hamda nimalarga qodir ekanligini isbotlashni maqsad qilgan.
Endrik faoliyatini Angliyada davom ettirishi ham mumkin edi. Hujumchiga “Manchester Yunayted” klubi ham qiziqish bildirgan, biroq inglizlar “Real” va “Lion” o‘rtasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga yetgach, taklif bilan chiqqan. Shu sabab Endrikning Premyer Liga klubiga o‘tishi amalga oshmadi.
“Real” hamda “Lion” kelishuv shartlarini yashirmoqda. Biroq “qirollik klubi” futbolchi bilan butunlay xayrlashishni mo‘ljallamayapti. Shuningdek, shartnomada keyinchalik sotib olish bandi ham kiritilmagan. Ammo kelishuvga boshqa band kiritildi. Agar kerak bo‘lsa, “Real” Endrikni ijara muddati tugamasidan oldin, ya’ni mavsum davomida qaytarib olishi mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum 19 yoshli hujumchi “Real” safida birorta o‘yinda maydonga tushmagan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan. O‘tgan mavsumda u barcha musobaqalar doirasida jami 37 o‘yinda ishtirok etib, 7 ta gol muallifiga aylangan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 35 million yevroga baholagan.








