Madridning “Real” klubi hujumchisi Endrik faoliyatini Fransiya chempionatida davom ettirishga yaqin turibdi. AS nashrining xabar berishicha, “Lion” hamda “qirollik klubi” braziliyalik futbolchining ijarasi bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Unga ko‘ra, Endrik yanvarda Madrid klubini tark etib, ijara asosida “Lion”ga ko‘chib o‘tadi. Chunki hujumchi “Real”da yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti. Shu bois 2026-yil AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga optimal sport formasida borish uchun boshqa jamoaga o‘tishga tayyor.
Manbada yozilishicha, kelishuv barcha tomonlarga foydali hisoblanadi. Endrik Yevropa musobaqalarida ishtirok etayotgan jamoada o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi. Hujumchi mazkur holat ortidan Karlo Anchelotti e’tiborini qozonib, mundial oldidan Braziliya terma jamoasiga chaqirilishi taxmin qilinmoqda.
“Qirollik klubi” futbolchi bilan butunlay xayrlashishni mo‘ljallamayapti. Shuningdek, shartnomada keyinchalik sotib olish bandi ham kiritilmagan. Ammo kelishuvga boshqa band kiritildi. Agar kerak bo‘lsa, “Real” Endrikni ijara muddati tugamasidan oldin, ya’ni mavsum davomida qaytarib olishi mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum 19 yoshli hujumchi “Real” safida 2 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan. O‘tgan mavsumda u barcha musobaqalar doirasida jami 37 o‘yinda ishtirok etib, 7 ta gol muallifiga aylangan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 25 million yevroga baholagan.








