Madridning “Real” klubi Endrikni kelasi mavsumdayoq asosiy jamoa tarkibiga jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Yanvar oyida 19 yoshli hujumchi “Lion” klubiga ijara asosida qo‘shilgan edi. Biroq “qirollik klubi” mazkur kelishuvni uzaytirish niyatida emas. Manba ma’lumotlariga ko‘ra, yangi ijara varianti umuman ko‘rib chiqilmaydi.
Xabarda aytilishicha, braziliyalik futbolchi fransuz klubidan kelishi mumkin bo‘lgan har qanday taklifdan qat’i nazar, Ispaniyaga qaytadi — “Real” bunday takliflarga rad javobini beradi.
“Lion” safida to‘p surgan davrida Endrik 5 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol urdi hamda bitta golli uzatmani amalga oshirdi.
Transfermarkt portali Endrikning bozor qiymatini 25 million yevroga baholagan.
Avvalroq Londonning “Chelsi” klubi Madridning “Real” jamoasi hujumchisi Endrik uchun taxminan 80 million yevro miqdoridagi rasmiy taklif tayyorlayotgani xabar qilingan edi.
“Aristokratlar” Endrikni klubning uzoq muddatli sport loyihasida asosiy figuralardan biri sifatida ko‘rmoqda. Shu bilan birga, braziliyalik hujumchiga “Atletiko”, “Arsenal” va “PSJ” klublari ham qiziqish bildirgan. Bu esa futbolchining transfer narxini yanada oshirishi mumkin.








