Daryo

“Tinchlik kengashi” nima va u nima uchun tashkil etildi?

AQSH prezidenti Donald Tramp “Tinchlik kengashi” tashkilotnini BMTga muqobil sifatida ko‘rishini ochiq tan oldi.“BMT unchalik foydali emas. Men BMT salohiyatini doim yuqori baholayman, lekin ular bu salohiyatdan samarali foydalana olmadi. BMT men tugatgan barcha urushlarga chek qo‘yishi kerak edi. Men ularga murojaat qilmadim. Murojaat qilish haqida o‘ylamadim ham”, dedi Tramp.

7 daqiqa o‘qish16 965 ko‘rishlar0 izoh9

AQSH prezidenti Donald Tramp “Tinchlik kengashi” nomli yangi tashkilotga asos soldi. U mazkur kengashni BMTga muqobil sifatida ko‘rmoqda.

“BMT unchalik foydali emas. Men BMT salohiyatini doim yuqori baholaganman, lekin ular bu salohiyatdan samarali foydalana olmadi. Men tugatgan barcha urushlarga aslida BMT chek qo‘yishi kerak edi. Men [bu urushlarni tugatish uchun] ularga murojaat qilmadim, murojaat qilish haqida o‘ylamadim ham”, degandi Tramp.

Xo‘sh, “Tinchlik kengashi” g‘oyasi qayerdan paydo bo‘ldi?

“Tinchlik kengashi” g‘oyasi AQSH prezidenti tomonidan 2025-yil sentyabr oyida Gʻazo mojarosini hal qilish bo‘yicha ilgari surilgan tinchlik rejasidan kelib chiqqan. Bu g‘oyaning asosiy muallifi sifatida Trampning kuyovi va uning Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jared Kushner ko‘rsatiladi.

Foto: Reuters

Aslida hammasi ilgariroq — 2025-yil yozida boshlangan. Bir vaqtning o‘zida bir nechta guruh, xususan, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Blerning Global o‘zgarishlar instituti va isroillik ishbilarmonlar Maykl Eyzenberg (Isroilning Gʻazo masalalari bo‘yicha AQSHdagi maxsus vakili) va Liran Tankman tomonidan yollangan mutaxassislar Gʻazodagi urushni tugatish bo‘yicha o‘z rejalarini ishlab chiqdi.

Oxir-oqibat ularning bari Kushnerga murojaat qilgan — ular shu tariqa o‘z takliflari Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga erishmoqchi edi. Avgust–sentyabr oylarida ularning bir necha kichik takliflari umumlashtirilib, yakunda katta bir loyihaga aylantirildi va uni Tramp o‘zining “Tinchlik rejasi” sifatida jamoatchilikka taqdim etdi.

Rejaga ko‘ra, Gʻazo vaqtincha xalqaro boshqaruvga, xususan, jahon yetakchilari va diplomatlaridan tuzilgan va G‘azo taqdiri bo‘yicha strategik qarorlar qabul qiluvchi maxsus organ — “Tinchlik kengashi”ga berilishi nazarda tutilgandi. Tashkilot go‘yoki direktorlar kengashiga o‘xshardi: o‘rinlar a’zolarning Gʻazoni qayta tiklash ishiga qo‘shgan hissasiga qarab taqsimlanardi, texnokratik qo‘mita esa “direktorlar kengashi”ga hisobdor ijroiya organi bo‘lishi kerak edi.

2025-yil oktyabrida Gʻazoda sulh kuchga kirdi. Noyabrda BMT Xavfsizlik kengashi Trampning rejasini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiya qabul qildi. 2026-yil yanvarida Gʻazo uchun yangi boshqaruv organlari tuzildi. Ammo bu bu vaqtga kelib Trampning “Tinchlik kengashi” atrofidagi ambitsiyalari Gʻazo sektoridan tashqariga chiqib ketgan edi.

Financial Times gazetasi 17-yanvar kuni Tramp ma’muriyati Ukraina uchun shunga o‘xshash tuzilmani yaratishni muhokama qilayotgani haqida xabar berdi.

18-yanvarda esa “Tinchlik kengashi” nizomining matni e’lon qilindi — unda Gʻazo haqida alohida hech gap yo‘q edi, yangi tuzilmaning maqsadi sifatida esa “barqarorlikni mustahkamlash, mustahkam va qonuniy boshqaruvni tiklash va mojarolardan zarar ko‘rgan yoki tahdid ostida bo‘lgan mintaqalarda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish” ko‘rsatilgandi.

Foto: RBK

“Tinchlik kengashi” tuzilmasi qanday?

“Tinchlik kengashi”, yuqorida ta’kidlanganidek, global direktorlar kengashiga o‘xshaydi. Donald Tramp kengash raisi sifatida faoliyat yuritadi. U, shuningdek, prezidentlik muddati tugaganidan keyin ham, “Tinchlik kengashi”da Qo‘shma Shtatlarning vakili bo‘lib qolaveradi.

Raislik — saylanadigan lavozim emas: u faqat ixtiyoriy iste’foga chiqish yoki mehnatga layoqatsizligi tufayli lavozimidan ketishi mumkin, shunda ham u o‘z vorisini o‘zi tayinlaydi. Agar hujjatda dunyo go‘yo aksiyadorlik jamiyati sifatida tasvirlangan bo‘lsa, unda aynan Tramp nazorat qiluvchi aksiyadordir.

Trampning o‘zini hisobga olmasa, kengashning qolgan barcha a’zolari jismoniy shaxslar emas, balki davlatlar bo‘ladi. Faqat kengash raisining, ya’ni, yana Trampning taklifi bilangina a’zo bo‘lish mumkin.

A’zolik muddati — uch yil. Tuzilma nizomi amal qilishining birinchi yilida (ya’ni, 2027-yil 22-yanvargacha) “Tinchlik kengashi” budjetiga kamida 1 milliard dollar kiritgan davlatlar doimiy a’zoga aylanadi (masalan, Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati mamlakat a’zoligi uchun 1 milliard dollarlik badalni to‘lamaganini bildirdi). Rais istalgan davlatni chiqarib yuborishi mumkin. Lekin kengash a’zolarining uchdan ikki qismi bunday qarorga veto qo‘ysa, qaror bekor qilinadi.

“Tinchlik kengashi” aksiyadorlik jamiyati direktorlar kengashiga to‘liq o‘xshashi uchun faqat bir narsa yetishmaydi: “Tinchlik kengashi”da “bitta aksiya — bitta ovoz” tamoyili yo‘q. Nizomda “bitta a’zo — bitta ovoz” tamoyili belgilangan. Ushbu hujjat tuzilishi va uslubi jihatidan xalqaro kelishuvdan ko‘ra ko‘proq biznes-shartnomani eslatadi.

“Tinchlik kengashi” nizomi a’zolar zimmasiga hech qanday xalqaro huquqiy majburiyatlarni yuklamaydi. U hatto majburiy badallarni ham ko‘zda tutmaydi – kengashni faqat ixtiyoriy moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Unda har bir davlatning ishtirok darajasi va holati uning milliy qonunchiligi bilan belgilanishi aniq ta’kidlangan. Shunga ko‘ra, hujjat parlament tomonidan ratifikatsiya qilinishi ham talab etilmaydi. Oddiy qilib aytganda, “Tinchlik kengashi” shunchaki xalqaro nodavlat notijorat tashkilotdir.

Foto: Reuters

“Tinchlik kengashi”ga qaysi davlatlar qo‘shildi?

Nizom imzolanishidan oldin o‘nlab mamlakatlar “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish taklifnomasini olishdi.

“Bizga hamma kerak. U yerda ba’zi bahsli shaxslar bor. Lekin bu odamlar natijalarga erisha oladilar. Ular ulkan ta’sirga ega odamlar. Agar kengash kichik bolalar bilan to‘ldiriladigan bo‘lsa, bu unchalik mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi”, dedi Tramp.

22-yanvar kuni Davosda bo‘lib o‘tgan marosimda “Tinchlik kengashi” nizomi Donald Tramp tomonidan quyidagilar bilan birga imzolandi:

  • O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev,
  • Bahrayn bosh vaziri Salmon bin Hamad al Xalifa,
  • Marokash tashqi ishlar vaziri Nosir Bourita,
  • Argentina prezidenti Xaver Miley,
  • Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan,
  • Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev,
  • Bolgariya bosh vaziri Rosen Jelyazkov,
  • Vengriya bosh vaziri Viktor Orban,
  • Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto,
  • Iordaniya bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi,
  • Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev,
  • Kosovo prezidenti Vjosa Osmani,
  • Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif,
  • Paragvay prezidenti Santyago Pena,
  • Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Al Soniy,
  • Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhan al Saud,
  • Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan,
  • Abu-Dabi Ijroiya ishlari boshqarmasi rahbari (amalda BAA prezidenti apparati rahbari) Xaldun al Muborak,
  • Mo‘g‘uliston bosh vaziri Gombodjavin Zandanshatar.
Foto: Prezident matbuot xizmati

Albaniya, Belarus, Misr, Isroil, Kuvayt va Vyetnam ham ilgari “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish taklifini qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin taklifnomani hali ham ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan. Putin, shuningdek, kengash uchun 1 milliard dollarni Rossiyaning AQSHda muzlatilgan aktivlaridan to‘lashi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

Kengashga taklif etilgan, lekin hali aniq javob bermaganlar orasida Xitoy bor. Trampning tashkilot ustidan to‘liq hukmronlik qilishi Xitoyga yoqmay turgan bo‘lishi mumkin. Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvetsiya va Norvegiya kabi ba’zi Gʻarb mamlakatlari Trampning taklifini qat’iyan rad etdi. Kanada bosh vazir Mark Karni Davosda Trampga qarshi nutq so‘zlaganidan keyin, AQSH prezidenti Kanadadan taklifni qaytarib olishga ham ulgurdi.

“Tinchlik kengashi” nizomini imzolanganidan ko‘p o‘tmay, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Davosga yetib keldi. U darhol Tramp bilan uchrashuvga yo‘l oldi. Zelenskiy ham “Tinchlik kengashi”ga taklif etilgan edi va bu borada tanlov qilish unga ayniqsa qiyin. Bir tomondan, hozirgi vaziyatda Trampning xayrixohligi uning mamlakati uchun boshqa davlatlarga qaraganda muhimroq. Boshqa tomondan, agar Zelenskiy rozilik bildirsa, Ukraina kengashda Belarus bilan, ehtimol, Rossiya bilan ham birga o‘tirishi kerak bo‘ladi — hozirgi holatda buni tasavvur qilish juda qiyin. Ta’kidlash joiz, Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Tramp ular “Tinchlik kengashi”ni muhokama qilmaganliklarini ma’lum qildi.

“Tinchlik kengashi” va O‘zbekiston

O‘zbekiston prezidenti matbuot bergan bayonotga ko‘ra, “ ‘Tinchlik kengashi’ning tashkil etilishi Oʻzbekiston tashqi siyosatining tinchlikni taʼminlash borasidagi tashabbuslari va koʻp qirrali hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir”.

“Kengash nizomini imzolab, Oʻzbekiston uni taʼsis etgan davlatlardan biriga aylandi. Bu mamlakatimizning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga hamda barcha taʼsischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qoʻshishga tayyorligini anglatadi”, deyiladi rasmiy axborotda.

Prezident maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning ushbu tadbirga taklif etilishi mamlakatga bildirilgan ishonch va hurmat hamda uning xalqaro maydonda jiddiy ishtirokchi ekanini tan olishdir.

Diplomatning tushuntirishicha, O‘zbekistonning Yaqin Sharqda, ayniqsa Falastin mintaqasida “juda jiddiy, hayotiy manfaatlari bor”. “Bu manfaatdorlik yana shundan ham iboratki, avvalambor, o‘zimizning xavfsizligimizni ta’minlash”, dedi prezident maslahatchisi.

“Qo‘shni Afg‘onistonda urush boshlanishidan avval u yerda hech qanday ekstremist yo terrorchi tashkilotlar yo‘q edi. Lekin urush boshlangach, aksariyat shunday tashkilotlar, guruhlar qayerdan keldi? Yaqin Sharqdan keldi”, dedi Abdulaziz Komilov, Yaqin Sharqdagi beqarorlik Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi mumkinligini tushuntirarkan.

Prezident matbuot xizmati axborotida alohida ta’kidlanishicha, “Tinchlik kengashi” “farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega Yangi G‘azoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltirmoqda”.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar