Qozog‘iston AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi”ga hech qanday badalsiz a’zo bo‘ldi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Astana rasmiylariga ko‘ra, “Tinchlik kengashi”ga a’zo bo‘lish har bir davlatning suveren qarori hisoblanadi. Tashkilot nizomiga ko‘ra, a’zo bo‘lingan vaqtdan boshlab davlatning kengashdagi vakolat muddati uch yil etib belgilanadi.
1 milliard dollar: majburiyatmi yoki ixtiyoriy tanlov?
A’zolik badali masalasiga Qozog‘iston prezidenti ma’muriyati — Oqorda rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, nizomda ko‘rsatilgan 1 milliard dollarlik ixtiyoriy badal a’zo bo‘lish uchun majburiy shart emas.
“Bu har bir a’zoning huquqidir. Agar bunday badal a’zolikning birinchi yili davomida amalga oshirilsa, davlat o‘zining ‘Tinchlik kengashi’dagi a’zolik muddatini belgilangan uch yillik muddatdan ko‘proqqa uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Oqorda matbuot xizmati Qozog‘istonning pozitsiyasini quyidagicha ta’kidladi:
“Qozog‘iston ‘Tinchlik kengashi’ga hech qanday moliyaviy badal amalga oshirmasdan qo‘shildi, bu nizom qoidalariga to‘liq mos keladi”.
Davosdagi imzolash marosimi
“Tinchlik kengashi” — Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashkilotdir. 2026-yilning 22-yanvar kuni Davosda tashkilot rasmiylashtirildi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev ham ushbu kengash nizomini imzoladi. Imzolash marosimida Qozog‘iston prezidenti bilan bir qatorda yana 18 ta davlat yetakchilari, xususan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashdi.
Ayni paytda, Tramp Kanadani o‘zi tashkil etgan G‘azo bo‘yicha yangi “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish haqidagi taklifini qaytib oldi. AQSH prezidenti o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida Kanada bosh vaziri Mark Karniga yo‘llangan murojaatni e’lon qildi.
“Ushbu maktub ‘Tinchlik kengashi’ Kanadaning a’zo bo‘lishi bo‘yicha sizga yuborilgan taklifnomani qaytib olishini bildiradi”, deb yozdi Tramp.








