AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va G‘azo sektorining kelajakdagi boshqaruvini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan Falastin qo‘mitasi o‘zining asosiy ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlari aks etgan “missiya bayonoti”ni e’lon qildi. Bu haqda Al Jazeera telekanali xabar bermoqda.
G‘azo sektorini boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mita (NGAC) bosh komissari Ali Shaat ushbu texnokratik organ asosiy xizmatlarni tiklash va “tinchlikka asoslangan” jamiyat qurishga intilishini ma’lum qilgan.
Falastin muxtoriyati (FA) vazirining sobiq o‘rinbosari hisoblangan Shaat o‘z bayonotida ushbu organ asosiy e’tiborini yarmidan ko‘pi Isroilning to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorati ostida qolayotgan sektor xavfsizligini nazorat qilish va urush paytida vayron bo‘lgan asosiy xizmatlarni tiklashga qaratishini aytgan.
G‘azoni rivojlantirish bo‘yicha Milliy kengash (NGAC) Trampning G‘azo bo‘yicha 20 banddan iborat tinchlik rejasi doirasida tashkil etilgan va BMT Xavfsizlik Kengashining 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan. Oq uy “uzoq muddatli, o‘zini o‘zi ta’minlaydigan boshqaruv uchun poydevor yaratgan holda” anklavni kundalik tiklash va barqarorlashtirish bilan shug‘ullanishini bildirgan.“Biz xavfsizlikni ta’minlash, elektr energiyasi, suv ta’minoti, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi inson qadr-qimmatining asosini tashkil etuvchi eng muhim xizmatlarni tiklash, tinchlik, demokratiya va adolatga asoslangan jamiyat qurishga qat’iy qaror qildik. Halollik va shaffoflikning eng yuqori standartlariga muvofiq harakat qilib, NCAG ishsizlikni barcha uchun imkoniyatlar bilan almashtirishga qodir bo‘lgan samarali iqtisodiyotni yaratadi”, dedi u.
Trampning rejasiga ko‘ra, G‘azoni qayta tiklash “tinchlik kengashi” tomonidan nazorat qilinadi, jiddiy nazoratni esa “G‘azo ijroiya kengashi” amalga oshiradi.
17-yanvar kuni Oq uy AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan G‘azo sektori uchun yangi tashkil etilgan “Tinchlik kengashi” (Board of Peace) a’zolari ro‘yxatini e’lon qildi. Kengashga AQSH davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff, Amerika rahbarining kuyovi va sarmoyador Jared Kushner, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler, Jahon banki rahbari Ajay Banga, shuningdek, AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Robert Gebriel kirgan. Shunisi e’tiborliki, yuqori darajadagi ushbu ro‘yxatda birorta ham ayol kishi yoki falastinlik vakil yo‘q. Biroq rasmiylar kelgusi haftalarda qo‘shimcha a’zolar e’lon qilinishini ta’kidlamoqda. Bundan oldin G‘azo sektorida HAMAS va Isroil o‘rtasida tinchlik sulhining ikkinchi bosqichi boshlangani haqida xabar qilingandi.
2025-yil noyabr oyi o‘rtalarida BMT Xavfsizlik Kengashi Trampning G‘azo sektoridagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha keng qamrovli rejasini qo‘llab-quvvatlash uchun AQSH tomonidan taklif etilgan rezolyutsiyani ma’qulladi. Kengashning 15 a’zosidan 13 nafari uni qo‘llab-quvvatladi, Rossiya va Xitoy betaraf qoldi. Qo‘shma Shtatlarning G‘azo bo‘yicha rejasida sektorni vaqtinchalik xalqaro boshqarish va Tramp raisligidagi “tinchlik kengashi”ni tuzish taklif etilmoqda. Shuningdek, Isroil va Misr bilan kelishilgan holda joylashtirilishi lozim bo‘lgan xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlarning harbiy vakolatlari ko‘zda tutilgan. Tinchlikparvar kuchlar tarkibi haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.Trampning G‘azodagi vaziyatni hal qilish HAMASning kelajakda sektorni boshqarishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ishtirokini istisno etadi.








