AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mamlakatlarga G‘azo tinchlik kengashida doimiy o‘rin olish uchun bir milliard dollardan ortiq mablag‘ to‘lashni taklif etmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi ushbu tashkilot nizomi loyihasiga asoslanib xabar berdi.
Nizom loyihasiga ko‘ra, har bir ishtirokchi davlat o‘z vazifalarini hujjat kuchga kirgan paytdan boshlab uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatda bajarishi mumkin, buni rais qarori bilan uzaytirish imkoniyati mavjud. Bunda muddat bo‘yicha cheklov birinchi yil davomida kengashga bir milliard dollardan ortiq miqdorda pul badalini kiritgan mamlakatlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp kengashning birinchi raisi bo‘ladi va taklif etiladigan mamlakatlar doirasini shaxsan belgilaydi. Qarorlar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinishi ko‘zda tutilgan, biroq ular rais tomonidan albatta tasdiqlanishi shart. Bundan tashqari, Kengash rahbari uning rasmiy muhrini tasdiqlash uchun mas’ul bo‘ladi.
17-yanvar kuni Oq uy AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan G‘azo sektori uchun yangi tashkil etilgan “Tinchlik kengashi” (Board of Peace) a’zolari ro‘yxatini e’lon qildi. Kengashga AQSH davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff, Amerika rahbarining kuyovi va sarmoyador Jared Kushner, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler, Jahon banki rahbari Ajay Banga, shuningdek, AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Robert Gebriel kirgan. Shunisi e’tiborliki, yuqori darajadagi ushbu ro‘yxatda birorta ham ayol kishi yoki falastinlik vakil yo‘q. Biroq rasmiylar kelgusi haftalarda qo‘shimcha a’zolar e’lon qilinishini ta’kidlamoqda. Bundan oldin G‘azo sektorida HAMAS va Isroil o‘rtasida tinchlik sulhining ikkinchi bosqichi boshlangani haqida xabar qilingandi.
2025-yil noyabr oyi o‘rtalarida BMT Xavfsizlik Kengashi Trampning G‘azo sektoridagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha keng qamrovli rejasini qo‘llab-quvvatlash uchun AQSH tomonidan taklif etilgan rezolyutsiyani ma’qulladi. Kengashning 15 a’zosidan 13 nafari uni qo‘llab-quvvatladi, Rossiya va Xitoy betaraf qoldi. Qo‘shma Shtatlarning G‘azo bo‘yicha rejasida sektorni vaqtinchalik xalqaro boshqarish va Tramp raisligidagi “tinchlik kengashi”ni tuzish taklif etilmoqda. Shuningdek, Isroil va Misr bilan kelishilgan holda joylashtirilishi lozim bo‘lgan xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlarning harbiy vakolatlari ko‘zda tutilgan. Tinchlikparvar kuchlar tarkibi haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.Trampning G‘azodagi vaziyatni hal qilish HAMASning kelajakda sektorni boshqarishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ishtirokini istisno etadi.








