Xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan turli reydlar chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uyg‘otmoqda. Bu masala prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tanqidiy muhokama qilindi.
Davlat rahbari ayrim holatlarda Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar faoliyati rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolayotganini qayd etdi. Prezidentning ta’kidlashicha, bunday yondashuv fuqarolarning real muammolarini hal etish uchun yetarli emas.
Yig‘ilishda xorijda yashayotgan yoki tahsil olayotgan yoshlarning turli zararli oqimlarga qo‘shilib qolayotgani ham jiddiy tashvish uyg‘otayotgani ta’kidlandi. Davlat rahbariga ko‘ra, diplomatik vakolatxonalar bu borada faqat rasmiy tadbirlar bilan cheklanmasdan, yoshlar bilan bevosita ishlashi, ularning muammolarini joyida o‘rganishi lozim.“Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam ko‘rsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”, dedi prezident.
Shu munosabat bilan elchilarga “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechish topshirildi. Endilikda ular xorijdagi vatandoshlar ishlayotgan qurilish maydonlari, yashayotgan yotoqxonalari va ta’lim olayotgan auditoriyalariga borib, muammolarni bevosita joyida o‘rganishi va yechim topishi kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, mutasaddilarga xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun bepul Call-markaz tashkil etish topshirildi. Ushbu tizim orqali kelib tushadigan murojaatlar tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tezkor ko‘rib chiqilishi va amaliy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.








