Daryo

O‘zbekiston Rossiyadagi migratsiya reydlarida o‘z fuqarolarining huquqlari ta’minlanishini talab qildi

Migratsiya tekshiruvlari va reydlar chog‘ida fuqarolarning insoniy qadr-qimmati kamsitilmasligi, bu talab qonunga rioya qilganlar bilan bir qatorda qoidabuzarlarga nisbatan ham amal qilishi lozimligi ta’kidlandi.

1 daqiqa o‘qish5 665 ko‘rishlar0 izoh6

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida 26-yanvar kuni Rossiya elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda idora axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiya hududida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘targan.

Uchrashuvda Rossiya hududlarida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston bosh konsullari ham ishtirok etdi. Bu joylardagi real vaziyat va amaliy tajribani inobatga olgan holda masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini berdi. Rossiya tomondan esa diplomatik vakolatxonaning konsullik bo‘limi rahbariyati, migratsiya masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari davomida fuqarolarning huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qat’iy ta’kidladi. Bu talab migratsiya qonunchiligiga rioya qilayotgan fuqarolar bilan bir qatorda, qoidabuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ham birdek amal qilishi zarurligi qayd etildi.

Tomonlar migratsiya jarayonlarini tartibga solish, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Shuningdek, hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muntazam konsullik maslahatlashuvlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar