Daryo

Navoiy davlat universitetining mansabdor xodimi pora bilan ushlandi

U o‘quv xonalarini ta’mirlab bergan MCHJga xizmat haqi sifatida to‘lanishi lozim bo‘lgan 189 mln so‘mni uning hisob raqamiga o‘tkazib berish evaziga tamagirlik yo‘li bilan 35 mln so‘m pul olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi.

1 daqiqa o‘qish7 292 ko‘rishlar0 izoh2

Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Navoiy davlat universitetining mansabdor xodimi mazkur oliy ta’lim muassasasining o‘quv xonalarini ta’mirlab bergan mas’uliyati cheklangan jamiyatga xizmat haqi sifatida to‘lanishi lozim bo‘lgan 189 million so‘m mablag‘ni MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berish evaziga tamagirlik yo‘li bilan 35 million so‘m pul olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu mansabdor shaxs ilgari ham sudlangan.

2024-yilda Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bilan 1 991 nafar shaxs sudlanib, ularning 651 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 1 340 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan (jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash va shartli hukm) jazolar tayinlangan.

Joriy yilning 11 oyi mobaynida mazkur moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan 1 801 nafar shaxs sudlanib, ularning 465 nafari ozodlikdan mahrum qilindi hamda 1 336 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Pora berish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar