Daryo

Sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov qamoqdan ozod qilindi

Oliy sud xabariga koʻra, u jinoyat ishida aybli deb topilgan. Yetkazilgan moddiy zararni qoplagani sabab ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanmagan.

2 daqiqa o‘qish2 103 ko‘rishlar0 izoh1

Bugun, 15-sentyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi tomonidan sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga (jami 62 kishi) oid jinoyat ishi yakunlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Sud hukmiga koʻra Aziz Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. U yetkazilgan moddiy zarar oʻrnini toʻliq qoplangani sabab uch yil muddatga boshqaruv tizimi, rahbarlik va mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilingan. BHMning 400 baravari miqdorida jarima va har oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Biroq Oliy sud moddiy zarar qoplansa, jazo oʻzgarishini bildirgan.

“Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismida yetkazilgan moddiy zarar oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmasligi belgilangan. Shu bois, sud hukmi bilan jinoyat boʻyicha yetkazilgan zarar sud jarayoni davomida toʻliq qoplangani sababli A. Voitovga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanib, depozit hisob raqamiga toʻlangan pullar davlat foydasiga oʻtkazilishi belgilangan”, deyiladi manbada.

Shu bilan birga, mazkur jinoyat ishida aybli deb topilgan X. Karimovga (Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi direktori lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan uch yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Qolgan 60 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda tegishli jazolar, xususan, 9 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 51 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlangan.

Maʼlumot uchun, Aziz Voitov 2023-yil dekabrda qamoqqa olingan va iqtisodiy jinoyatlar bilan bogʻliq ish doirasida tergov qilinayotgani bildirilgan. 2022-yil avgust oyidan qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlab kelgan Aziz Voitov prezidentning tegishli qarori bilan 2023-yilning 25-oktyabrida lavozimidan olingandi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar