Surxondaryo viloyati Mediatsiya va yuridik maslahatlar huzuridagi hakamlik sudining kadrlar bo‘limi boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, u Termiz shahrida yashovchi fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali viloyat Bojxona boshqarmasiga nazoratchi lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 1000 AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Surxondaryo, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida mansabdor shaxslar pora bilan qoʻlga tushgan edi. Shuningdek, Namangan shahrida hokimga nisbatan, Zangiota tumanida esa bosh mutaxassisga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.








