Daryo

Toshkent va Surxondaryoda advokatlar pora bilan qoʻlga tushdi

Ikki advokat ham tanishlari orqali sudda koʻrilayotgan ishda ayblanuvchilar jazosini yengillatishga yordam berishni vaʼda qilgan.

1 daqiqa o‘qish1 828 ko‘rishlar0 izoh0

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan advokatlar faoliyatidagi korrupsion holatlarga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Bu haqda 9-oktyabr kuni DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati Toshkent viloyati Piskent tumanida yashovchi 1989-yilda tugʻilgan fuqaro ishi boʻyicha yordam berish evaziga pora olayotganda ushlangan.

Aniqlanishicha, Yashnobod tumani IIB tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishida ehtiyot chorasini yengillashtirib berishini aytgan. Shu bilan birga, suddagi tanishlari orqali ishni ijobiy hal qilish evaziga fuqarodan 3 700 dollar olayotgan vaqtida DXX va departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shunga oʻxshash holat Surxondaryo viloyatida ham qayd etildi. Denov tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati fuqarodan 60 million soʻm olayotgan paytda DXX va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Tekshiruvda u Denov tuman jinoyat ishlari boʻyicha sudida koʻrilayotgan ishda ayblanuvchiga yengil jazo tayinlatish uchun sud tizimidagi tanishlari orqali yordam berishini vaʼda qilgan.

Mazkur holat boʻyicha unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Kecha, 8-oktyabr kuni Toshkent viloyatida ikki prokuror 25 ming dollar pora olayotganda ushlangani xabar qilingandi. 

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar