Angliyaning “Manchester Yunayted” hamda Ispaniyaning “Real Madrid” klublari o‘zaro futbolchi almashish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Defensa Central nashrining yozishicha, “qizil iblislar” yarim himoyachi Kobbi Maynuni ijara asosida “qirollik klubi”ga berishni, evaziga esa madridliklardan hujumchi Endrikni vaqtincha o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Manbaga ko‘ra, mankunianliklar bu transferni qishda amalga oshirishni mo‘ljallagan. Biroq Endrik “Real”ni tark etadigan bo‘lsa, u Fransiyaning “Lion” klubiga o‘tishni istayotgani aytilmoqda. Shuningdek, “qirollik klubi” Kobbi Maynuni o‘z safiga qo‘shish niyatida emasligi ham ta’kidlangan. Shuning uchun, mazkur transferning amalga oshish ehtimoli past baholanmoqda.
“Real” rahbariyati braziliyalik hujumchi Endrikni ijaraga berishga tayyor. Chunki yosh futbolchi hozircha asosiy tarkibda muntazam o‘yin amaliyotiga ega emas. Shu sababli klub uni vaqtincha boshqa jamoaga berish orqali tajriba orttirishini ma’qul ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Endrik joriy mavsumda “Real” safida hali birorta o‘yinda maydonga tushgani yo‘q. Kobbi Maynu esa “Manchester Yunayted” tarkibida 8 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta golli uzatma muallifiga aylangan.








