Daryo

Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSH Kongressi vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

2 daqiqa o‘qish1 702 ko‘rishlar0 izoh2

Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrif doirasida 5-noyabr kuni o‘ziga ajratilgan qarorgohda AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanib borayotgani, AQSH Kongressida O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus samarali faoliyat olib borayotgani qayd etildi. Har yili Vakillar palatasida kokus ko‘magida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston kunlari o‘tkazib kelinmoqda.

Kongress oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishi muhim ekani ta’kidlandi.

Hududlararo aloqalarni kengaytirish, kongressmenlar vakillik qilayotgan G‘arbiy Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uchrashuv yakunida AQSH Kongressi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari rahbarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 4-noyabr kuni Vashington shahriga kelgandi. Tashrif davomida prezident Donald Tramp bilan uchrashadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etadi.

Sammit Tramp ishtirokidagi birinchi shunday uchrashuv bo‘ladi. Bundan oldin Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari 2023-yil sentyabrida “C5+1” formatida o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Jo Bayden bilan uchrashgan edi.

Sentyabr oyi boshida Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qilib, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashgandi. Sentyabr oyi oxirida esa Nyu Yorkda O‘zbekiston rahbari AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgandi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston—AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishgandi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar