6-noyabr kuni Vashingtonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida “C5+1” formatidagi sammit bo‘lib o‘tadi. Bu – Donald Trampning Markaziy Osiyo rahbarlarini bir davrada jamlagan birinchi xalqaro uchrashuvi hisoblanadi. Sammit doirasida nafaqat geosiyosiy, balki iqtisodiy va madaniy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilinadi.
“Daryo” Tramp va Markaziy Osiyo prezidentlari o‘rtasidagi so‘nggi yetti yil ichida amalga oshgan 11 ta uchrashuvni bir materialga jamladi.
Qozog‘iston: ikki prezident – to‘rt muloqot
Donald Tramp shu kunga qadar Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan ham, amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan ham ikki martadan ko‘rishgan.
Nazarboyevning birinchi uchrashuvi 2017-yil may oyida Ar-Riyoddagi sammitda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, ikkinchisi 2018-yil yanvarda Vashingtonda o‘tkazilgan rasmiy tashrif davomida tashkil etilgan. Tashrif davomida Oq uydagi muzokaralar yakunida “Qozog‘iston va AQSH: XXI asrda kengaytirilgan strategik hamkorlik” nomli bayonot qabul qilingan.
To‘qayev va Tramp ilk bor 2019-yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasida qisqa suhbat o‘tkazgan, so‘nggi muloqot esa yaqinda, 2025-yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi 80-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan.
Tramp bilan suratga tushgan sobiq rahbarlar
Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Sadir Japarov haligacha Donald Tramp bilan yuzma-yuz uchrashmagan. U 2025-yil 6-noyabr kuni ilk marotaba AQSH rahbari bilan yuzma-yuz ko‘rishadi.
Biroq, shu kunga qadar avvalgi davlat rahbarlari Almazbek Atambayev va So‘ronbay Jenbekov Tramp bilan uchrashib, qisqa muloqotlar o‘tkazishgan. Almazbek Atambayev va rafiqasi Raisa Atambayeva Tramp va Melaniya bilan 2017-yildagi BMT sessiyasi doirasida tashkil etilgan rasmiy qabul marosimida suratga tushgan bo‘lsa, Jeenbekov 2018-yildagi BMT Assambleyasining 73-sessiyasida qisqa suhbatlashgan.
O‘shanda Oq uy tomonidan e’lon qilingan suratlar ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz segmentida keng muhokamalarni keltirib chiqargan.
Rahmon va Trampning unutilmas uchrashuvi
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Donald Tramp faqat bir marotaba, 2017-yil may oyidagi Ar-Riyod sammitida ko‘rishgan.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmanistonning sobiq rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov va amaldagi prezident Serdar Berdimuhamedovlarning AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashmagan.
O‘zbekiston va AQSH munosabatlari: 16-yillik tanaffusdan so‘ng yangi sahifa
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp ilk bor 2017-yil 21-may kuni Ar-Riyoddagi “Arab–musulmon mamlakatlari va AQSH sammiti” doirasida ko‘rishgan.
Ikkinchi muloqot ham o‘sha yil sentyabrda, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi chog‘ida bo‘lib o‘tdi. O‘shanda ikki mamlakat prezidentlari va ularning rafiqalari bilan birga suratga tushgan. Shuningdek, Tramp Shavkat Mirziyoyevga o‘zining qutlov maktubini ham yo‘llagan edi.
Tarixiy ahamiyatga ega uchinchi uchrashuv 2018-yil may oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tdi — bu O‘zbekiston rahbarining so‘nggi 16-yil ichida AQSHga qilgan ilk rasmiy tashrifi edi. Tashrif davomida ikki davlat rahbarlari strategik sheriklik, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Donald Tramp bilan eng ko‘p uchrashgan Markaziy Osiyo rahbari — O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Ular jami to‘rt marta ko‘rishgan bo‘lib, bu nafaqat son jihatidan, balki mazmunan ham eng faol diplomatik aloqani anglatadi.
Trampning Mirziyoyev haqida “bir so‘zli inson va biz yana ko‘plab yo‘nalishlarda birgalikda ishlashda davom etamiz” deya bildirgan iliq fikrlari ham O‘zbekiston AQSHning Markaziy Osiyodagi strategik va ishonchli hamkori ekanligidan dalolatdir.
Umidjon Mamarasulov
tayyorladi








