Daryo

Tramp: “Prezident Mirziyoyev — bir soʻzli inson”

AQSH prezidenti Oʻzbekiston rahbarini ulkan bitim bilan tabrikladi. Uzbekistan Airways 22 ta 787 Dreamliner samolyotini xarid qiladi. Uning qiymati 8 mlrd dollardan ortiqqa baholanmoqda.

2 daqiqa o‘qish1 915 ko‘rishlar0 izoh5

Oʻzbekiston AQSHning Boeing kompaniyasidan 22 ta 787 Dreamliner samolyotini xarid qiladi. Uning umumiy qiymati 8 milliard dollardan ortiqqa baholanmoqda. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp xabar berdi.

Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida bitim borasida quyidagicha post qoldirdi:

“Shu oy boshida men O‘zbekiston prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan edim. Bugun men prezident Mirziyoyevni Boeing bilan ULKAN bitim imzolangani bilan tabriklayman! Uzbekistan Airways 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta 787 Dreamliner samolyotini xarid qiladi. Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 000 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi. Prezident Mirziyoyev — bir so‘zli inson va biz boshqa ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz! Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur”.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-sentyabr kuni (Toshkent vaqti bilan 23-sentyabr) Nyu York shahrida Boeing Global kompaniyasi prezidenti Brendan Nelson bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati

Boeing - dunyodagi eng yirik aviatsiya va kosmik texnika ishlab chiqaruvchilardan biri.

​

Uchrashuvda O‘zbekiston ushbu kompaniyaning ko‘p yillik strategik hamkori ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mazkur tashrif chog‘ida imzolangan “Boeing” samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma va uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi taʻkidlangan.

Oʻzbekiston va AQSH rahbarlarining telefon orqali suhbati

Ma’lumot oʻrnida, 5-sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat avvalida AQSH prezidenti so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni yuksak baholadi va qo‘llab-quvvatladi.

Shavkat Mirziyoyev esa Donald Trampni AQSH ma’muriyati olib borayotgan ichki va tashqi siyosatning ulkan natijalari bilan samimiy tabrikladi. Amerika tomonining xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.

So‘nggi yillarda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. 2024-yilda tovar ayirboshlash 15 foizga oshdi.

Istiqbolli kooperatsiya loyihalari portfeli fuqaro aviatsiyasi, muhim mineral resurslar, elektrotexnika sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, ta’lim va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Kelgusi yili AQSHda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor ishtirok etishi mamnuniyat bilan qayd etildi. AQSH yetakchisi futbol terma jamoamizga omad tiladi.

Telefon muloqoti chog‘ida davlat rahbarlari dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish yuzasidan ham fikr almashgan.

Shavkat Mirziyoyev hamkasbini oʻzi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etgandi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar