21-oktabr o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida O‘zbekiston tarixida muhim sana sifatida nishonlanadi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu kun O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilangan.
Bayram munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining o‘zbek xalqiga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tabrikda so‘nggi sakkiz yil davomida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida o‘zbek tili rivojida yangi davr boshlangani ta’kidlangan. Shuningdek, tilning davlat tili sifatidagi o‘rni va maqomini mustahkamlash, uni zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari til siyosatini yanada takomillashtirish, raqamli olamda o‘zbek tilidagi axborot va manbalarni ko‘paytirish, shuningdek, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib ona tilini rivojlantirish zarurligiga e’tibor qaratgan.
Qayd etilishicha, bu yo‘nalishdagi faoliyat ijodkor ziyolilar, ta’lim-tarbiya, madaniyat, yoshlar, mahalla va xotin-qizlar tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatida doimo markaziy o‘rinda bo‘lishi, butun jamiyat miqyosida umummilliy harakatga aylanishi zarur.
Prezident o‘z tabrigida milliy o‘zlik timsoli bo‘lgan o‘zbek tilining yanada ravnaq topishini tilagan.








