Daryo

Prezident Ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev o‘z tabrigida ichki ishlar organlarining so‘nggi yillarda “chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirilgani”, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasida “mustahkam zamin yaratilgani”ni qayd etgan.

1 daqiqa o‘qish2 679 ko‘rishlar0 izoh0

Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan tizim xodimlariga bayram tabrigi yo‘lladi.

Prezident o‘z tabrigida ichki ishlar organlarining so‘nggi yillarda “chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirilgani”, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasida “mustahkam zamin yaratilgani”ni qayd etgan.

Davlat rahbari “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” tashabbusi asosida ichki ishlar organlari va mahalliy tashkilotlar hamkorligida “yagona faoliyat zanjiri” shakllantirilganini ta’kidlagan.

Shuningdek, “tezkor yordam” funksiyasini bajaruvchi huquq-tartibot maskanlari tashkil etilgani, yoshlar va migrantlar bilan ishlash bo‘yicha alohida mexanizmlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etilgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda mahallalarning yarmidan ko‘pida jinoyat sodir etilmagan, yoshlar, ayollar va ishsizlar o‘rtasida jinoyatchilik keskin kamaygan.

Shavkat Mirziyoyev raqamli infratuzilma sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga ham to‘xtalib o‘tgan:

“Qisqa muddatda vazirlik va idoralarning qirqqa yaqin ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashgan ‘Xavfsiz shahar’ yagona platformasi yaratildi, 20 dan ortiq yangi axborot tizimlari ishga tushirildi”.

Shuningdek, “Yagona migrant” axborot bazasi orqali xorijda bo‘lgan fuqarolar bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani, kiberjinoyatlarga qarshi kompleks mexanizmlar joriy etilayotgani ta’kidlangan.

Prezident 2025–2026-o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishida dual ta’lim asosida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilganini muhim qadam sifatida e’tirof etgan.

Tabrik so‘ngida Shavkat Mirziyoyev “Sizlarni bugungi shukuhli bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman”, deya ichki ishlar organlari xodimlariga tilaklar bildirgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar