Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyun — matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbari qutlov so‘zida jurnalistlarni o‘zining doimiy maslakdoshi va jonkuyar do‘sti deb bilishini taʼkidlagan. Prezident tabrigida jamiyatda so‘z erkinligini taʼminlash va OAVni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarga to‘xtalib, ayrim raqamlarni qayd etgan.
Biz bundan o‘n yil oldin demokratiya, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oyaga tayangan holda Yangi O‘zbekistonni qurishga kirishgan edik. O‘tgan qisqa davrda ko‘p millatli xalqimizning fidokorona va sharafli mehnati bilan bu borada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Jumladan, jamiyatimizda so‘z erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligini kengaytirish, axborot sohasini raqamlashtirish va zamonaviy mediamakonni shakllantirish borasida eʼtiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi tabrikda.
Taʼkidlanishicha, sohada xususiy sektor ulushi yildan yilga oshib bormoqda. Hozirgi kunda qariyb 2 ming 700 ta OAVning 67 foizi, noshirlik subyektlarining 90 foizdan ortig‘i, matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ortib, o‘rtacha 15 ming nomdagi jami 60 milliondan ortiq nusxada kitoblar nashr etildi.
“Mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatda axborot sohasini liberallashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, media faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ishlari hamda axborot xizmatlari bozori kengayib borayotganidan dalolat beradi. Axborot oqimi keskin ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan bugungi davrda manbalarning ishonchli ekaniga alohida eʼtibor qaratish mamlakatimizda ham muhim ko‘nikmaga aylandi. Qisqa vaqtda turli media loyihalar orqali 10 ming yoshni qamrab oladigan zamonaviy taʼlim tizimi shakllantirildi”, deyiladi tabrik xatida.
Prezident erkin va masʼuliyatli, xalqchil jurnalistikani jamiyat va davlat rivojlanishining zarur shartlaridan biri deb qaralishiga urg‘u bergan. Bu borada ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyati uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ularning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, kasb mahorati va malakasini oshirish, jumladan, ijtimoiy himoyasini taʼminlash, mehnatini rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshirilishi qayd etilgan.
“O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning nufuzini oshirish va islohotlar jarayonidagi ishtirokini kengaytirish zarur deb o‘ylayman. Nega deganda, tez o‘zgarayotgan bugungi davrning o‘zi ushbu jamoat birlashmasi oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy va informatsion-texnologik yordam ko‘rsatish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda kasbiy birdamligini taʼminlash kabi masalalarga jiddiy eʼtibor qaratishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda”, deyiladi tabrikda.
Davlat rahbari O‘zbekistonda ilk bor uch oy davomida 12 mingdan ortiq soha vakillari, jumladan, yosh jurnalistlarni jalb qilgan holda o‘tkazilgan Media haftalik tadbirlarini kelgusida ham davom ettirish muhim ahamiyatga egaligini taʼkidlagan.
“Men mamlakat rahbari sifatida milliy ommaviy axborot vositalarimiz davlat va jamiyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarish barobarida xalqimizni umummilliy manfaatlar asosida birlashtiradigan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni ezgu maqsadlar sari yetaklaydigan qudratli maʼnaviy kuchga aylanishi uchun barcha yordam va ko‘makni ko‘rsatishga doimo tayyorman”, degan prezident.
Shavkat Mirziyoyev davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini ham alohida qutlagan. Barcha matbuot va OAV xodimlari mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilagan.








