Daryo

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini ramazon oyi bilan tabrikladi

Prezident ramazon oyini mehr-oqibat va shukronalik timsoli sifatida e’tirof etib, uni munosib o‘tkazish bo‘yicha mamlakatda tayyorgarlik ishlari olib borilayotganini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qish4 400 ko‘rishlar0 izoh1

Shavkat Mirziyoyev ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan 18-fevral kuni O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari ramazon oyini mehr-oqibat, xayr-u saxovat va shukronalik timsoli sifatida e’tirof etib, bu qutlug‘ ayyomga tinchlik va hamjihatlikda yetkazgani uchun Parvardigorga shukronalar aytish lozimligini ta’kidladi. Mazkur oyni munosib o‘tkazish maqsadida mamlakatda keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani qayd etildi.

Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat hamda iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon, shuningdek, mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda.

“Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta”, dedi prezident.

​Shavkat Mirziyoyev ramazon oyining ma’naviy ahamiyati aynan ana shunday ezgu ishlarda namoyon bo‘lishini qayd etdi. U inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ijtimoiy adolatni qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. Prezident joriy yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani ortida ham ana shunday ezgu maqsadlar mujassam ekanini bildirdi.

“Jamiyatni yuksaltirish asosi mahalladir. Chunki mahallada o‘sish va o‘zgarish bo‘lsa, butun jamiyat rivojlanadi. Mahallalarimizning yutug‘i va farovonligi pirovard natijada butun jamiyatning yutug‘i hamda farovonligi sifatida namoyon bo‘ladi”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezident ajdodlar merosini asrab-avaylash va ulug‘ allomalar xotirasini e’zozlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtaldi. So‘nggi yillarda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda esa Imom Buxoriy majmuasi bunyod etilgani qayd etildi. Ramazon kunlarida ushbu maskanlarda buyuk allomalar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Murojaatda dunyoning ayrim hududlarida davom etayotgan urush va mojarolarga ham e’tibor qaratilib, muborak oyda tinchlik va o‘zaro ishonch mustahkamlanishi tilandi. Prezident xorijdagi vatandoshlarni va butun musulmon ummatini ham ramazon oyi bilan qutladi. Yakunda davlat rahbari yurtdoshlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat va xonadonlarga tinchlik-farovonlik tiladi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar