Daryo

Prezident uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarini tabrikladi

Unda soha xodimlarining fidokorona mehnati e’tirof etilib, kommunal tizimdagi keng ko‘lamli islohotlar va erishilgan natijalar qayd etildi. Shuningdek, kelgusida ichimlik suvi va issiqlik ta’minotini kengaytirish bo‘yicha rejalar belgilandi.

2 daqiqa o‘qish3 432 ko‘rishlar0 izoh0

Shavkat Mirziyoyev uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarini 18-aprel — kasb bayrami munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari o‘z tabrigida ushbu sohada fidokorona mehnat qilayotgan xodimlarga minnatdorlik bildirib, ularning mamlakat hayotidagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi. Prezident murojaatida qayd etilishicha, kommunal xizmatlar tizimi aholi va tashkilotlarning qulay sharoitlarda yashashi va faoliyat yuritishini ta’minlaydigan muhim sohalardan biri hisoblanadi.

“O‘z xizmat joyida kechani — kecha, kunduzni — kunduz demasdan, fidokorona mehnat qilib, aholi, tashkilot va muassasalarning qulay va zamonaviy sharoitlarda yashashi va faoliyat ko‘rsatishini ta’minlab kelayotgan sizlar kabi mohir muhandis va ishchilar, usta va chilangarlar, mexanik va texnologlar, mutaxassislar va faxriylarga, ko‘pmillatli soha xodimlariga ushbu quvonchli ayyomda chuqur hurmatimiz va ezgu tilaklarimizni bildirib, chin dildan rahmatlar aytamiz”, deyiladi tabrikda.

So‘nggi yillarda kommunal tizimda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Xususan, ilg‘or xalqaro tajriba asosida boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etilib, ularga imtiyoz va kafolatlar berilgani xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda mamlakatdagi 45 mingta ko‘p qavatli uyning 90 foizdan ortig‘iga 1 mingdan ziyod shunday tashkilotlar xizmat ko‘rsatmoqda. Oxirgi to‘qqiz yilda 3 trillion 700 milliard so‘m mablag‘ evaziga 51 mingga yaqin uylar ta’mirlanib, 3 ming 500 ta lift yangilangan.

Raqamlashtirish jarayonlari ham izchil davom etmoqda. Natijada salkam 42 mingta ko‘p qavatli uy va 1 million 500 mingdan ortiq mulkdor “Mening uyim” billing tizimiga kiritilgan. Bu esa boshqaruv tashkilotlari faoliyatini ochiq kuzatish va baholash imkonini bermoqda. Shu bilan birga, 3 ming 400 ta ichimlik va oqova suv inshooti hamda 42 ming kilometrdan ortiq suv tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi.

Prezidentning ta’kidlashicha, amalga oshirilgan ishlar natijasida aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 2017-yildagi 63 foizdan hozirgi kunda qariyb 83 foizga yetgan. Issiqlik ta’minoti tizimida ham katta o‘zgarishlar bo‘lib, qariyb 100 ta qozonxona va 1276 kilometr issiqlik tarmoqlari ta’mirlanib, modernizatsiya qilingan. Shuningdek, 3 ming 800 dan ortiq ko‘p qavatli uy va 371 ta ijtimoiy obyekt ushbu tizimga ulangan.

Kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritar ekan, davlat rahbari 2030-yilgacha ichimlik suvi bilan markazlashgan ta’minotni 90 foizga yetkazish rejalashtirilganini bildirdi. Bundan tashqari, 103 ta qozonxona va 1 ming 600 kilometr issiqlik tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida 13 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu choralar natijasida markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovi 37 foizdan 58 foizga yetkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev soha xodimlarining bilim va tajribasiga ishonch bildirib, ular ushbu ulkan vazifalarni amalga oshirishda munosib hissa qo‘shishini ta’kidladi. Shuningdek, kommunal sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish davlat e’tiborida bo‘lib qolishi qayd etildi.

Tabrik yakunida prezident yana bir bor barcha soha vakillarini kasb bayrami bilan qutlab, ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mehnatda muvaffaqiyat va xonadonlariga fayz-u baraka tiladi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar