Toshkent viloyatida ikki prokuror pora olayotganda qoʻlga tushdi. Bu haqda 8-sentyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Guliston tuman boʻlimi boshligʻi va Bekobod shahar boʻlimi katta tezkor vakili fuqarodan 25 ming dollar pora olgan vaqtda ushlangan.
Ular pul evaziga ikkita ishni hal qilib berishni vaʼda bergan. Birinchisi, sudda koʻrilayotgan jinoyat ishini pora berayotganlar foydasiga hal etib berish. Yaʼni Zangiota tumanida faoliyat yurituvchi toʻrtta MCHJning norasmiy rahbari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi bilan qoʻzgʻatilgan. Hozirda jinoyat ishi Zangiota tuman sudida koʻrilayotgani bildirilgan. Prokurorlar pul uchun mazkur ishni yopishni vaʼda qilgan. Pora evaziga berilgan ikkinchi vaʼda — Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi tomonidan ikkita MCHJda oʻtkazilgan kameral soliq tekshiruvlarini noqonuniy deb topib berish boʻlgan.
“Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, IJQKD xodimlari jinoyat ishi doirasida soliq tekshiruvi oʻtkazish orqali aniqlangan zarar miqdorini kamaytirish evaziga MCHJlarning norasmiy rahbaridan muqaddam 108 ming AQSH dollari ham olishgan. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi”, deyiladi DXX xabarida,
Maʼlum qilinishicha, holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.








