Boʻlajak kuyov aldov yoʻli orqali kelinning hovlisini sotib yuborgani bilan bogʻliq ish Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida koʻrib chiqilayotgani xabar berilgan edi. Sudning 20-noyabr kuni davom etgan navbatdagi majlisida advokatlar bloger Real Sanjikni ham jinoyat ishiga tortish kerakligini aytmoqda. Bu haqda sudda qatnashgan “Daryo” jurnalisti xabar berdi.

Jabrlanuvchi oilaning yana bir advokati esa Sanjar Karimov bilan bogʻliq holatlarni sudlanuvchi Shahzod Rismatovning jinoyatidan ayirib boʻlmasligini taʼkidlamoqda.Firibgarlik holati prokurorimiz aytib oʻtganidek isbotini topdi. Ammo zarar qoplanmadi. Uy egasiga qaytarilmadi. Olimboyevlar oilasi koʻchada qolmoqda. Sud tergovi davomida barcha guvohlar soʻroq qilindi, video va audiozapislar eshitildi. Bugun Olimbayev Muhammadamin akaning oʻzlari hammasini tushuntirib berdi. Va skrinshotlar taqdim qilindi. Bu holatlarning hammasi Rismatov Shahzodning aybini tasdiqlovchi dalillar boʻlib, isbot uchun yetarli deb hisoblayman. Bundan tashqari sud tergovida Karimov Sanjarni eshitdik, soʻroq qildik, guvoh, videozapislar eshitildi. Hammasida shu Karimov, Karimov, Karimov. Rismatov ham faqat shu Sanjar Karimov demoqda. Men sud-tergov vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlanganini, shu sabab Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 417-moddasiga asosan bu haqda prokurorga xabar berilishi kerak deb hisoblayman. Men muzokara yakunida Olimboyevlar epizodi boʻyicha prokurorga maxsus xabar berilsa yoki ish materiallari qisman qaytarilsa, ularning shu jinoyat ishida javobgarlik, ishtirokchilik masalasi koʻrib chiqilishini soʻrayman”, — dedi advokat Qodirjon Rahimov.
“Delo” bir qancha tergovchilarning qoʻlidan oʻtgan. Hech kim bunga chuqur yondashmagan. Aslida uy oʻzidan-oʻzi darrov sotilib ketmaydi. Uy oladigan odam agar oldi-sotdi boʻladigan boʻlsa, albatta uyni kelib koʻrar edi. Ayblanuvchi Shahzod Rismatov uyni bir oʻzi sotmagan. Bir oʻzi bu jinoiy ishni qilmagan. Bu holatda Karimov Sanjarning ham harakatlariga baho berish kerak. Ishda Karimov Sanjarning harakatiga baho berilmagan. Holat ochiq qolyapti. Bu jinoyat ishida Karimov yoki yana boshqalar ham boʻlishi mumkin. Shuning uchun men Jinoyat-protsessual kodeksining 417-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda ularning harakatiga baho berilishini iltimos qilardim. Bu qonun talabi, — dedi advokat.
2025-yilning 14-noyabr kuni boʻlib oʻtgan sud majlisida bloger Real Sanjik Jamila Olimboyeva hamda uning oila-aʼzolari uyni 240 ming dollarga sotganini, pulni notarius oldida ularga berganini aytgandi.
2024-yilning 6-avgust kuni Rismatov Shahzod menga qoʻngʻiroq qilib, “Oka, besh sotixli uy bor, shuni sotmoqchimiz, bizga yordam qiling. Yaqinlarimning uyi”, degan. Men 240 ming dollar taklif qilganman. Sotsang shu boshqa qoʻsholmayman deganman. 7-avgust kuni yana telefon qilib, “Oka, rozi boʻlishdi. Bu narxga berishga tayyor. Notariusda koʻrishamiz”, degan. Notariusda xonadon egalari bilan tanishdim. U yerda papkamdagi 265 ming dollar pulning 25 ming dollarini olib qolib, 240 ming dollarni uy egalariga berdim, — degandi u.








