Turkiya futbol federatsiyasi prezidenti Ibrohim Xojiosmano‘g‘lu FIFA va UEFAga Isroilni xalqaro sport arenalaridan chetlashtirish kerakligini bildirdi. Bu haqda Anodolu nashri xabar berdi.
“Futbol turli madaniyatlarni birlashtiruvchi universal til. Shu qadriyatlarga tayanib, G‘azo va uning atrofidagi Isroilning noqonuniy harakatlaridan chuqur xavotirdamiz. Har kuni bolalar, tibbiyot xodimlari, jurnalistlar, futbolchilar va muxlislar hayotdan ko‘z yummoqda. Sport tashkilotlari uzoq vaqt jim turdi, endi FIFA va UEFA harakat qilishi lozim. Isroil sport musobaqalaridan darhol chetlashtirilishi kerak”, deydi Xojiosmano‘g‘lu.
Hojiosmono‘g‘li FIFA va UEFA Ukrainadagi urush boshlanganidan atigi 4 kun o‘tib, Rossiyani xalqaro sport musobaqalarida qatnashishni taqiqlaganini, ammo Isroilga nisbatan xuddi shunday choralar qo‘llanilmaganini ta’kidladi. Shuningdek, u vaziyat uzoq yillardan beri keskin ekanligi, ammo so‘nggi voqealar masalaning jiddiyligini oshirganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA AQSHning bosimi sabab Isroilni musobaqalardan chetlatmagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Qolaversa, Isroil jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, Ispaniya terma jamoasi musobaqaga boykot e’lon qilishini bildirgandi.








