Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Isroil terma jamoalari va klublarini xalqaro turnirlardan chetlatmaydi. Bu haqda Israel Hayom nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, UEFA rahbariyatiga AQSH tomonidan kuchli bosim o‘tkazilgan. Isroilni qo‘llab-quvvatlashda bir qator diplomatlar, futbol assotsiatsiyalari vakillari hamda sport sohasidagi yuqori martabali shaxslar ishtirok etgan.
Hozircha Isroil futbol assotsiatsiyasi Yevropa musobaqalaridan chetlatilmagan. Bu esa Tel-Avivning “Makkabi” klubi 2025/2026-yilgi mavsumda Yevropa Ligasi bahslarida ishtirok etishini anglatadi.
BMT Inson huquqlari qo‘mitasining kichik maslahatchilari Isroilni futbol musobaqalaridan, umuman UEFA hamda FIFA turnirlaridan chetlatishi taklif qildi. Biroq, ushbu organ futbol bilan bevosita bog‘liq emas va uning a’zolari na BMT, na o‘zlari a’zo bo‘lgan qo‘mita nomidan rasman fikr bildirish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, FIFA va UEFA qaroriga ko‘ra, Rossiya terma jamoalari va klublari Ukrainadagi harbiy harakatlar sababli xalqaro musobaqalardan to‘liq chetlatilgan.








