2026-yilgi jahon chempionati Isroil ishtirokida o‘tsa, unda Ispaniya terma jamoasi musobaqani boykot qilishi ehtimoli bor. Bu haqda Ispaniya parlamentidagi sotsialistlar guruhi vakili Patxi Lopes o‘z chiqishida ma’lum qildi.
Agar Isroil musobaqada qatnashsa, Ispaniyaning jahon chempionatida qatnashmaslik masalasini ko‘rib chiqamiz, dedi Lopes.
Ispaniya hukumati pozitsiyasi mamlakat ichida Isroilning xalqaro sport musobaqalarida ishtiroki yuzasidan kuchaygan bahslar fonida bildirildi. Lopes matbuot anjumanida sport tashkilotlarini Isroilni musobaqalardan chetlatishga chaqirdi va Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach xalqaro futbol musobaqalaridan chetlashtirilganini eslatdi.
Isroil jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda. Jamoa Italiya, Norvegiya, Estoniya va Moldova bilan bir guruhda joylashgan. 5 turdan so‘ng 9 ochko to‘plagan Isroil uchinchi o‘rinda bormoqda. Ularda to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyati past bo‘lsa-da, pley-off orqali mundialga chiqishi mumkin. O‘tgan hafta Jennaro Gattuzo boshchiligidagi Italiya Isroilni 4:5 hisobida qiyinchilik bilan mag‘lub etdi. Ayni payt guruhda Norvegiya yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, pley-off uchun asosiy raqobat Italiya va Isroil o‘rtasida kechadi.
Mazkur jamoalar 14-oktyabr kuni Udine shahrida o‘zaro o‘yin o‘tkazadi. Bu uchrashuv ikki jamoaning jahon chempionatidagi taqdirini belgilab berishi mumkin.








