FIFA bosh kotibi Mattias Graffstrom shanba kuni Istanbulda Eron FA (FFIRI) rasmiylari bilan uchrashadi va Eronning Jahon chempionatidagi ishtiroki bo'yicha “kafolat” bermoqchi. Bu haqda muzokaralardan xabardor manbaga tayanib Reuters agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, FIFA turnirning barcha ishtirokchilariga xavfsiz sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash maqsadida JChga mezbon mamlakatlarning tegishli hokimiyat organlari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj avvalroq terma jamoaning biror-bir a’zosiga AQSHga kirish uchun viza berilmagani sababli milliy jamoaning 2026-yilgi Jahon chempionati final bosqichidagi ishtiroki so‘roq ostida qolayotganini ma’lum qilgan edi.
Mehdi Tojning Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi (IIQK) bilan aloqalari sababli Vankuverda (Kanada) bo‘lib o‘tgan FIFA kongressiga kiritilmaganidan so‘ng, qo‘shimcha kelishmovchiliklar yuzaga keldi.
Reuters’ning eslatishicha, JCHga mezbonlik qiluvchi AQSH, Kanada va Meksika IIQKni rasman terrorchi tashkilot deb hisoblaydi va avvalroq ushbu tuzilmaga aloqador shaxslarni mamlakatga kiritmasligini qayd etgan.
Jahon chempionatida Eron “G” guruhida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiyaga qarshi o‘ynaydi. Eron terma jamoasi uchala o‘yinni ham AQSHda o‘tkazishi lozim.
Avvalroq Eron terma jamoasiga AQSH vizasi berilmayotgani xabar qilingandi.
Ma’lumot uchun, Eron va AQSH o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1980-yildan buyon mavjud emas. Vaziyat joriy yilning 28-fevralida AQSH va Isroilning Eronga hujumlari ortidan yanada murakkablashgan edi. Ko‘rfaz hududiga yoyilgan harbiy harakatlardan so‘ng, 8-apreldan buyon o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilmoqda. Shunga qaramay, Eron o‘z terma jamoasini Shimoliy Amerika mezbonlik qiladigan mundialda ishtirok etishi kutilmoqda.








