BMTning inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilari Isroilni xalqaro futbol musobaqalaridan chetlatishni talab qilmoqda. Bu haqda Anadolu xabar berdi.
Bu chaqiriq G‘azo sektorida davom etayotgan harbiy harakatlar va u yerda sodir etilayotgan genotsid sababli e’lon qilingan. Bayonotda aytilishicha, FIFA va UEFA Isroil terma jamoasini xalqaro musobaqalardan chiqarishi kerak.
Vakillar Isroil genotsid sodir etishda ayblanayotganini eslatib, sport tashkilotlari bunday vaziyatni “oddiy hol” sifatida qabul qilmasligi kerakligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, sport maydonlari adolatsizlikka ko‘z yuma olmaydi va inson huquqlarining qo‘pol buzilishi fonida betaraflik saqlanishi mumkin emas.
Bayonotda urg‘u berilishicha, cheklovlar Isroil futbolchilari yoki fuqarolariga emas, balki davlat sifatida Isroilga qarshi qaratilishi lozim.
“Shaxslar hukumatlari qabul qilgan qarorlar uchun javobgar bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlab kelganmiz. Shuning uchun futbolchilar millati yoki kelib chiqishiga qarab jazolanmasligi lozim”, deyiladi bayonotda.
BMT vakillari FIFA va UEFAni xalqaro huquq doirasidagi mas’uliyatini unutmaslikka chaqirgan. Ularga ko‘ra, sport tashkilotlari Isroilning okkupatsiya qilingan hududlardagi noqonuniy faoliyatini legallashtirishga xizmat qilmasligi lozim.
“G‘azodagi genotsidni to‘xtatish — nafaqat axloqiy, balki xalqaro huquq doirasidagi majburiyatdir”, deyiladi bayonot yakunida.








