Daryo

“Ukraina o‘z hududlaridan voz kechishni xohlamayapti” — Zelenskiy

U Putin va Trampning Alyaskadagi uchrashuvi “Ukrainadan juda uzoqda” bo‘lib o‘tishini ta’kidlagan

1 daqiqa o‘qish3 902 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina o‘z yerini Rossiyaga topshirish niyatida emas. Bu haqda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram kanalidagi murojaatida ma’lum qildi.

Foto: Getty Images
“Ukraina hududiy masalasiga javob allaqachon Ukraina konstitutsiyasida mavjud. Bundan hech kim chekinmaydi va chekinolmaydi ham. Ukrainaliklar o‘z yerlarini bosqinchiga bermaydi”, dedi u.

Zelenskiy Ukrainaning tinchlikka olib keladigan haqiqiy yechimlarga tayyor ekanini ta’kidlagan. Biroq uning aytishicha, Ukrainaga qarshi va Ukrainaning ishtirokisiz qabul qilingan har qanday qarorlar tinchlikka erishish yo‘lida to‘siq bo‘ladi.

“Ukraina tinchlik keltirishi mumkin bo‘lgan haqiqiy yechimlarga tayyor. Bizga qarshi har qanday qaror, Ukrainasiz har qanday qaror — bu bir vaqtning o‘zida tinchlikka qarshi qarordir. Ular hech qanday natija bermaydi. Bu o‘lik qarorlar, ular hech qachon ishlamaydi. Bizga esa odamlar hurmat qiladigan haqiqiy, jonli tinchlik kerak. Biz prezident Tramp bilan, barcha hamkorlar bilan birgalikda haqiqiy va eng muhimi, uzoq muddatli tinchlik uchun ishlashga tayyormiz — Moskvaning istagi tufayli buzilmaydigan tinchlik”, dedi prezident.

Shuningdek, u Putin va Trampning Alyaskadagi uchrashuvi “Ukrainadan juda uzoqda” bo‘lib o‘tishini ta’kidlagan.

“Albatta, biz Rossiyaga qilgan ishi uchun mukofot bermaymiz... Ukrainaliklar o‘z yerini bosqinchiga sovg‘a qilmaydi”, dedi Zelenskiy.

Bundan avval AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “biror narsani imzolashga” tayyor turishi kerakligini ma’lum qilgandi.

Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan 15-avgust kuni Alyaskada uchrashishni rejalashtirganini ma’lum qildi. Prezidentlar mojaroni uzoq muddatli hal etish variantlarini muhokama qiladilar.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar