Daryo

“O‘zbekneftgaz” sentyabrdan Ai-80 ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi

Mamlakatda 2026-yildan bu markali benzindan to‘liq voz kechilishi belgilangandi

2 daqiqa o‘qish7 032 ko‘rishlar0 izoh0

“O‘zbekneftgaz” 2025-yil sentyabrdan Ai-80 benzini ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatmoqchi. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, kompaniya joriy yilning o‘zida Ai-80 rusumli avtobenzin tizim korxonalari omborlarida to‘liq tugatilishini, 2026-yildan faqat yuqori oktanli avtobenzin sotishga o‘tilishini reja qilgan.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida 2025-yil yakuniga qadar Ai-80 benzinidan foydalanish va sotishni cheklash uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilishi belgilangan.

Mamlakatda ushbu markali benzindan bosqichma-bosqich voz kechish rejalashtirilayotgani haqida 2024-yil boshlarida Energetika vazirligi xabar bergandi. Vazirlik bu benzin ko‘p mamlakatlarda taqiqlanganini, hatto neft mahsulotlarini to‘liq import qiladigan Qirg‘iziston va Tojikistonda ham allaqachon iste’moldan olinganini bildirgandi.

2024-yil 29-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq bergandi. 2025-yilga borib Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 ishlab chiqarilishi to‘xtatilsa, 2026-yilga borib Buxoro neftni qayta ishlash zavodi to‘lig‘icha sifatliroq yonilg‘i ishlab chiqarishga o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.

O‘zbekistonda benzin ishlab chiqaruvchi zavodlar

Ular ikkita bo‘lib, birinchisi — “O‘zbekneftgaz”ga qarashli Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, ikkinchisi — “Saneg”ga qarashli (xususiy) Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi. Surxondaryoda, Chinozda neftni qayta ishlash zavodlari bor, kichkina partiyada bo‘lsa ham, Ai-80 benzini ishlab chiqaradi. Kichik istisnolarni hisobga olmaganda, O‘zbekistonga tashqaridan 80 benzini kirib kelmaydi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ai-80 o‘rniga faqat yuqori oktanli avtobenzin

“Kun.uz” ixtiyoridagi hujjatga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” 2024-yil yanvar oyida Xitoy bilan 60 foiz va 40 foiz hajmda yuqori oktanli yiliga 1 mln tonna Ai-92 va Ai-95 benzinlari ishlab chiqarish borasida loyihani amalga oshirishga kelishgan. Ushbu loyiha doirasida Buxoro NQIZda qo‘shilma (prisadka) yordamida yuqori oktanli Ai-92 prisadkali avtobenzin ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilgan, tajribalar o‘tkazilib, prisadka turi aniqlangan, benzinning tajriba-sinov partiyasi ishlab chiqarilgan, prisadka saqlash va aralashtirish uchun sig‘imlar infrastrukturasi yaratilib, prisadkali Ai-92 benzinini seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya prisadka hisobiga tannarxni arzonlashtirmoqchi, biroq narx borasida aniq hisob-kitoblar keltirilmagan.

2025-yilda “Buxoro NQIZ” MCHJ tomonidan jami 1 030 ming tonna, jumladan, 487 ming tonna Ai-80 rusumidagi avtobenzin va 543 ming tonna Ai-92+ rusumli avtobenzin ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Bunda, Ai-80 rusumidagi avtobenzinni ishlab chiqarish sentyabr oyiga qadar ko‘zda tutilgan bo‘lib, sentyabr oyidan boshlab faqat Ai-92+ rusumidagi avtobenzin (oyiga o‘rtacha 90 ming tonnadan) ishlab chiqariladi. Natijada 2025-yilning o‘zida Ai-80 rusumli avtobenzin tizim korxonalari omborlarida to‘liq tugatiladi va 2026-yildan faqat yuqori oktanli avtobenzin sotishga o‘tiladi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar