Daryo

Nega butun dunyo Ai-80 benzinidan voz kechgan?

Ai-80 markadagi benzindan foydalanganda atmosferaga karbonat angidrid, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar va PM2.5 ifloslantiruvchi moddalari boshqa turdagi motor yonilgʻilariga nisbatan koʻproq tashlanadi. Oqibatda atmosferada ifloslantiruvchi moddalar va ogʻir metallarning toʻplanib qolishi yuzaga keladi.

2 daqiqa o‘qish2 842 ko‘rishlar0 izoh6

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 18-noyabrdagi qaroriga ilova qilingan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha dasturga ko‘ra, joriy yil 1-dekabrdan boshlab O‘zbekistonda Ai-80 rusumidagi benzindan foydalanish to‘xtatiladi.

Jumladan, dasturda aholini sifatli va ekologik toza yoqilgʻi bilan taʼminlagan holda Ai-80 benzinini avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida sotishni oldini olish boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatish belgilangan.

Nega Ai-80 benzindan voz kechilyapti?

Bugungi kunda respublikamizda transport vositalarining soni keskin ortib bormoqda. Transport vositalari sonining oʻsishi respublika, ayniqsa, Toshkent shahrida, atmosfera havosining ifloslanishiga, sogʻliqqa bogʻliq muammolarning koʻpayishiga, shuningdek, shaharlarda chang, zararli gazlar va tutun miqdorining ortishi bilan bogʻliq aholi murojaatlarining koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.

Xalqaro statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyo miqyosida atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarning 59 foizi transport vositalari, 21 foizi sanoat korxonalari, va 20 foizi elektr energiyasini ishlab chiqarish hissasiga toʻgʻri keladi.

Ai-80 markadagi benzindan foydalanganda atmosferaga karbonat angidrid, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar va PM2.5 ifloslantiruvchi moddalari boshqa turdagi motor yonilgʻilariga nisbatan koʻproq tashlanadi. Ai-80 markadagi benzindan foydalanish atmosferada ifloslantiruvchi moddalar va ogʻir metallarning toʻplanib qolishiga olib keladi.

Xalqaro tajriba

Dunyodagi deyarli barcha davlatlar Ai-80 benzindan foydalanishdan allaqachon voz kechgan. Jumladan, Yevropa Ittifoqi davlatlari YEVRO standartlari orqali avtomobil yonilgʻi si sifatini qatʼiy nazorat qiladi. 2005-yilda joriy etilgan YEVRO-4 standarti Ai-80 kabi past sifatli yonilgʻi dan foydalanishni taqilaydi. Bu qaror mamlakatlarning yonilgʻi importiga sarflanadigan xarajatlarini kamaytirgan va atrof-muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.

Chili va AQSH 2035-yilgacha benzinli avtomobillarni sotishni toʻxtatishni rejalashtirgan, bu qaror atrof-muhitni muhofaza qilish va uglerod chiqindilarini kamaytirish maqsadida qabul qilingan. MDH (Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Qozogʻiston) davlatlarida esa Ai-80 benzini va boshqa past oktanli yonilgʻilardan foydalanish taqiqlangan, shuningdek, yuqori oktanli benzin markalariga oʻtish va elektr transport vositalarini import qilish uchun soliq imtiyozlari berilgan.

Ai-80 benzin qaysi mamlakatlarda qoldi?

Shu paytga qadar faqat O‘zbekiston va Afg‘onistonda bu turdagi benzin ishlatilib kelinayotgandi. Endi Ai-80 benzindan foydalanayotgan mamlakat butun dunyoda faqat 1ta qoldi: bu ham bo‘lsa — Afg‘oniston.

Ai-80 benzindan voz kechish qanday foyda beradi?

Ai-80 markadagi benzin yonilgʻisidan voz kechish natijasida transport vositalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi keskin kamayib, nafaqat havo sifati sezilarli darajada yaxshilanadi, balki aholi salomatligi mustahkamlanadi, atrof-muhit muhofazasi kuchayadi. Shuningdek, ekologik toza transport texnologiyalarining joriy etilishi iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishiga turtki boʻlib, yangi ish oʻrinlari yaratilishi va xalqaro ekologik standartlarga muvofiq qadam tashlash imkonini beradi. Bu oʻz navbatida mamlakatning xalqaro maydonda ekologik nufuzini oshiradi.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar