Daryo

O‘zbekistonda Ai–80 benzini 2025-yil oxirigacha cheklanadi

Bunda aholini sifatli, ekologik toza va arzon yonilg‘i bilan ta’minlash choralari ko‘riladi

1 daqiqa o‘qish18 430 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda 2025-yil yakuniga qadar Ai-80 benzinidan foydalanish va sotishni cheklash uchun barcha kuch va resurslar safarbar etiladi. Bu haqda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida belgilandi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bunda aholini sifatli, ekologik toza va arzon yonilg‘i bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.

Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Zikrilla Alimovning aytishicha, o‘rganishlarga ko‘ra, Ai-80 benzini hozirda Rossiya bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda yevro-3 (Ai-80) yonilg‘isi faqat O‘zbekiston va Afg‘onistonda foydalanilmoqda.

“Albatta, undan voz kechish, ishlab chiqarishni to‘xtatish yonilg‘i yetishmovchiligiga olib kelgani sababli farmonda yuqori oktanli yonilg‘ilarni arzonlashtirish, yoki o‘rniga boshqa ekologik toza yonilg‘ilarni barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar qilgan holda ishlab chiqarish orqali Ai-80 benzinidan voz kechish maqsad qilingan”, deydi mutaxassis.

Hujjat bilan, shuningdek, Respublikaning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yonilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni to‘liq taqiqlanadi. Avariyaviy yonilg‘i sifatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligini xabardor qilib, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda foydalanish holatlari bundan mustasno.

O‘zbekistonda Ai-80 benzinini taqiqlash

Foto: Ekologiya vazirligi

O‘zbekistonda Ai-80 benzinidan bosqichma-bosqich voz kechish rejalashtirilayotgani haqida 2024-yil boshlarida Energetika vazirligi xabar bergandi. Vazirlik ushbu benzin ko‘p mamlakatlarda taqiqlanganini, hatto neft mahsulotlarini to‘liq import qiladigan Qirg‘iziston va Tojikistonda ham allaqachon iste’moldan olinganini bildirgandi.

2024-yil 29-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq bergandi. 2025-yilga borib Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 ishlab chiqarilishi to‘xtatilsa, 2026-yilga borib Buxoro neftni qayta ishlash zavodi to‘lig‘icha sifatliroq yonilg‘i ishlab chiqarishga o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar