Isroil harbiylari 2023-yil oktyabrdan buyon G‘azoga qurolli hujum uyushtirmoqda va tinch aholi vakillarini o‘ldirishda davom etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan ikki yil davomida Isroil harbiylari G‘azoda qariyb 60 ming odamni o‘ldirishgan va yana 120 mingdan oshiq odam yarador bo‘lgan. Xalqaro tashkilotlar yahudiy davlatining bu xunrezliklarini allaqachon falastinliklarga qarshi genotsid deb baholab bo‘lgan. Ushbu materialda yaqin tarixda sodir bo‘lgan yirik genotsidlar haqida ma’lumot beramiz.
1948-yilda BMT tomonidan genotsid insoniyatga qarshi xalqaro jinoyat deb belgilab qo‘yiladi. Uni sodir etganlik uchun keskin jazo joralari belgilandi. O‘shandan buyon oradan 73 yildan oshiqroq vaqt o‘tdi. Yer yuzida esa genotsid to‘xtamayapti. Hatto XXI asrda ham.
“Genotsid” so‘zi yunoncha γένος — “qabila” va lotincha caedo — “o‘ldiraman” so‘zlarining birikishidan paydo bo‘lgan. U jamoaviy zo‘ravonlikni, insonlarga milliy, etnik yoki irqiy sabablar ortidan zo‘ravonlik qilish, ularni qisman yoki butunlay o‘ldirib tashlashni anglatadi.
“Genotsid” atamasini birinchi marta polshalik huquqshunos Rafael Lemkin qo‘llagan. Lemkin 1933-yilda Madridda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada genotsidga qarshi xalqaro qonunlar ishlab chiqishni taklif etgan. Shu bilan birga u qanday qirg‘inlarni genotsid deb tan olish yuzasidan o‘z takliflarini bildirgan.
Genotsid atamasi ilk bor 1945-yilda Nyurnberg shahrida fashist rahnamolari ustidan o‘tkazilgan sudda, 1946-yilda Polshada o‘tkazilgan sud jarayonlarida genotsid so‘zi qo‘llanadi.
1948-yilda BMT Genotsid jinoyatlaridan ogohlantirish va uni sodir etganlarni jazolash haqidagi konvensiyani qabul qiladi. Shundan so‘ng genotsid so‘zi rasmiy ravishda qo‘llana boshlandi.
O‘rta asrlardagi eng yirik genotsidlar Amerika qit’asi kashf etilgandan so‘ng yevropaliklar tomonidan sodir etilgan. Kanadan tortib Argentina janubigacha bo‘lgan juda katta hududlarda yashovchi turli hindu qabilalari batamom qirib yuborilgan. Bundan tashqari, Avstraliya, Yangi Zelandiyadagi tubjoy aholi qirib yuboriladi va u jarayon XIX asrgacha davom etadi.
XX asrda ham Yer yuzida genotsidlar to‘xtamadi. Ikkita jahon urushi, SSSR va Xitoyda hamda ko‘plab milliy ozchilik vakillariga nisbatan sodir etilgan qirg‘inlar, fashistlar Germaniyasida yahudiylarning qirib yuborilishi, Kamboja hamda Ruandadagi genotsidlar shular jumlasidan.

Bundan tashqari, XX asr so‘ngida Bolqon yarimorolida serblar tomonidan musulmonlarga qarshi genotsidlar amalga oshirildi. Ana shunday qatliomlarning eng ayanchlisi 1995-yilda Bosniyadagi Srebrenisa shahri atrofida sodir etiladi. Serb armiyasi musulmonlardan iborat tinch aholi vakillarini o‘ldirib, buldozer yordamida ko‘mib yuboradi.
Shuningdek, XX asr oxirida SSSR tarqab ketgach Kavkazda, Ozarbayjonga tegishli Qorabog‘ armanlar tomonidan bosib olinadi. So‘ng bu yerda arman armiyasi va jangarilari tomonidan ozarbayjonlar qirg‘in qilinadi. Ayniqsa, 1992-yil 26-fevral kuni Qorabog‘dagi Xo‘jayli shahrida ming nafarga yaqin ozarbayjonliklar qatliom qilinadi.
Ayrim Yevropa davlatlari XX-asr boshida Usmoniylar imperiyasi armanilarni genotsid qilgan deb hisoblaydi. Ammo Turkiya buni tan olmaydi va aksincha, armanilar Kavkazda turklar, ozarbayjonlar va gruzinlarni qirg‘in qilgan deb hisoblaydi.
Xuddi shuningdek, Chor Rossiyasining O‘rta Osiyoni bosib olishda, 1917-yilda amalga oshirilgan oktyabr to‘ntarishidan keyin dashnoq armanlarning Farg‘ona vodiysida amalga oshirgan qirg‘inlarini ham bemalol genotsidga kiritsa bo‘ladi.
2015-yil sentyabr oyida BMT bosh assambleyasida 9-dekabr kunini Genotsid jinoyati qurbonlarini xotirlash kuni sifatida qayd etish haqida qaror qabul qiladi. O‘shandan buyon bu kun Genotsid jinoyati qurbonlari xotirasi kuni sifatida yodga olinadi. Qo‘yidagilar tarixdagi eng yirik genotsidlar hisoblanadi.
Iroqda kurdlar genotsidi

1980-yildan 1988-yilgacha davom etgan Iroq–Eron urushi paytida Iroqda mamlakat prezidenti Saddam Husayn rahbar bo‘lgan BAAS partiyasi “Anfol kodi” deb nomlangan maxsus dastur yordamida kurdlar qirg‘ini amalga oshirgan.
Iroq-Eron urushi paytida shimoliy Iroqda joylashgan Xalabja shahri va uning atrofida yashagan kurdlar Eron armiyasi yordamida hukumatga qarshi bosh ko‘taradi. Ana shunda Iroq armiyasi bu hududda kimyoviy qurol qo‘llaydi. Oqibatda ko‘p sonli kurdlar qirilib ketadi.
O‘shanda 180 ming kurd halok bo‘lgani, yana ko‘plab kurdlar bedarak yo‘qolgani aytiladi. Keyinchalik kurdlarni zaharlab o‘ldirish ishlariga Saddam Husaynning akasi Ali Hasan al Majid boshchilik qilgani oshkor bo‘ladi. AQSH 2003 yilda Iroqqa bostirib kirgach Saddam Husayn bilan birga Ali Hasan al Majid AQSH harbiylari qo‘liga asirga tushgan. 2010 yil 17 yanvar kuni Iroq sudi uni tinch aholini qirg‘in qilishda aybdor deb topadi va o‘lim jazosiga hukm qiladi.
Moriorilar genotsidi

Moriorilar bir paytlar Yangi Zelandiyada yashagan maorilarning avlodlari hisoblanadi. 16-17-asrlarda maorilarning bir qismi Yangi Zelandiya bilan qo‘shni bo‘lgan Chatem oroliga ko‘chib o‘tadi. Yangi orolga ko‘chib o‘tgan maorilar o‘zlarini moriorilar deb atay boshlaydi. Shu tariqa, ikkita orolda yashayotgan bir millat ikki xil nomlana boshlaydi.
Garchi Yangi Zelandiyani 1642-yilda niderlandiyalik sayyoh Abel Tasman kashf etgan bo‘lsada, bu hududga 120 yil davomida boshqa yevropaliklardan hech kim kelmagan. Faqat 1769-yilda Jeymas Kuk Yangi Zelandiyaga keladi. U orolning xaritasini tushirish asnosida mahalliy aholiga kartoshka yetishtirish va miltiqdan otishni o‘rgatadi.
Shundan so‘ng miltiqlar bilan qurollangan maorilar avvaliga o‘zaro urushlarni boshlab yuborishadi. 1801-1840-yillar oralig‘ida jami 600 marta jang bo‘lib o‘tadi va ularda 30-40 ming maori halok bo‘ladi. Shundan so‘ng ular qo‘shni Chatem oroliga hujum boshlashadi va miltiqlar yordamida qardoshlari moriorilarni qirg‘in qila boshlashadi.
1835-yildan 1862-yilgacha Chatemdagi barcha moriorilar qirib tashlanadi va ulardan bor yo‘g‘i yuzga yaqini qochib tirik qoladi. Keyinchaalik Yang Zelandiya va Chatem orollari yevropaliklar hukmronligiga o‘tgach maorilarning taqdiri ham ayanchli kechadi va ularning ham katta qismi qirilib ketadi.
Chatemda tirik qolgan moriorilar keyinchalik umuman ko‘paymaydi va ularning oxirgi vakili 1933-yilda vafot etadi.
Ruandadagi genotsid

Afrika qit’asida joylashgan Ruandada odamlar ikkita tabaqaga bo‘linib yashab kelgan. Tutsilar tabaqasi o‘zlarini qadimgi misrliklar va efiopiyaliklar avlodidan bo‘lgan oliynasablar deb hisoblaydi va xutu tabaqasiga past nazar bilan qaraydi.
O‘tgan asrning 90-yillari boshida mamlakat aholisining 40 foizini tutsilar, 60 foizini xutular tashkil etgan. O‘sha paytda hukumat xutulardan tashkil topgan edi.
1990 yilda xutulardan iborat bo‘lgan Ruanda hukumati va unga muxolif bo‘lgan tutsilardan iborat bo‘lgan Ruanda vatanparvarlari fronti tashkiloti o‘rtasida urush boshlanadi. Etnik mojaro tufayli kelib chiqqan bu urushda ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘ladi.
1994-yil 6-aprel xutular hukumati armiyaga tutsilarning barchasini qatliom qilish haqida buyruq beradi. Shundan so‘ng tutsilarni qirg‘in qilish boshlnadi. Oqibatda qisqa vaqt ichida 500 mingda 1,1 million nafargacha tutsi o‘ldiriladi.
O‘sha qatliomdan keyin har ikkala tabaqaning mamlakat aholisi tarkibidagi hissasi o‘zgaradi. Bugun Ruanda aholisining 85 foizini xutular, 15 foizini tutsilar tashkil etadi.
Irlandiyadagi ocharchilik

Irlandiyadagi ocharchilikka kartoshka sabab bo‘lgan. Bu davlatga kartoshka ilk marta 16-asrning oxirida olib kelingan. Mo‘tadil iqlim, yaxshi ob-havo va unumdor tuproq tufayli 19-asrga kelib Irlandiya Yevropaning kartoshka eng ko‘p yetishtiriladigan mamlakatlaridan biriga aylanadi.
Ammo 1840-yildan boshlab qandaydir kasallik tufayli kartoshka hosili yaroqsiz chiqa boshlaydi. Shu tariqa yildan yilga hosilning cho‘g‘i kamaya boradi. O‘sha paytlarda Irlandiyada hukmron bo‘lgan inglizlar esa yaroqli hosilning katta qismini Angliyaga jo‘natib, irlandiyaliklarni ochlikka ro‘para qilishadi.
Shu tariqa 1845-1849-yillarda Irlandiyada dahshatli ocharchilik sodir bo‘ladi. Oqibatda million nafardan oshiq odam halok bo‘ladi. Yana shuncha odam boshqa joylarga ko‘chib ketadi.
Aksariyat tarixchilar Irlandiyada yuz bergan ushbu ocharchilikni inglizlar uyushtirgan va shu yo‘l bilan irlandlarni genotsid qilgan deb hisoblaydi.
Pigmeylar genotsidi

Pigmeylar Markaziy Afrikaning bir nechta mamlakatida yashovchi qabilalarning nomi. Pigmeylar bo‘yi pastligi bilan boshqa odamlardan farqlanib turadi. Odatda ularning bo‘yi 1,5 metrdan oshmaydi.
1998-2003-yillar oralig‘ida Kongoda fuqarolar urushi sodir bo‘ladi. Bu urushda mamlakatda yashovchi turli qabilalar o‘zaro jang olib boradi. Garchi pigmeylar bu urushda ishtirok etmagan bo‘lsa ham urishayotgan tomonlar ularning katta qismini shunchaki qirib yuboradi. Oxir oqibat pigmeylar o‘zlarini himoya qilishni so‘rab BMTga murojaat qilishadi. Shundan so‘ng ular yashayotgan hududlarga tinchlikparvar kuchlar joylashtiriladi. Ungacha esa ularning katta qismi qirilib ketadi.
Bugun Markaziy Afrikada Gabon, Kamerun, markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruandada jami yarim million nafar pigmey yashamoqda.
Hindular genotsidi

Xristofor Kolumb Amerikani kashf etguncha bu qit’ada ko‘plab tubjoy aholi vakillari yashagan. “Yangi dunyo” kashf etilgandan so‘ng yevropaliklar u yerga oqib bora boshlaydi. So‘ng mahalliy aholini qirib yuborib ularga tegishli yerlarni egallaydi. Bu jarayon 20-asrgacha davom etadi.
Holat shu darajaga yetadiki, qachonlardir butun qit’a bo‘ylab sochilib yashagan turli hindu qabilalari keyinchalik batamom yo‘q bo‘lib ketadi. Bugun Amerikaning tubjoy aholisi bo‘lgan hindularning qanchasi qirib yuborilgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Tarixchi olimlarning taxminicha yevropaliklar tomonidan qirib yuborilgan hindular soni bir necha o‘n million nafarga yetadi.
Aborigenlar genotsidi

Aborigenlar – bu Avstraliyaning tubjoy aholisi hisoblanadi. Ular bu qit’aga Janubiy-Sharqiy Osiyodan ko‘chib o‘tgan.
17-asrning boshlarida yevropalik sayyohlar Avstraliyaga kela boshlaydi. Oradan biroz o‘tib bu qit’aga Yevropada jinoyat sodir etganlarni jazolash maqsadida tashlab keta boshlashadi. 18-asrning ikkinchi yarmida Avstraliyaga ko‘plab inglizlar kelishadi va uni qirolichaning mulki deb e’lon qilishadi. O‘sha paytda bu yerda qariyb 1 million nafar mahalliy aholi yashagan.
19-asrning 50-yillarida Avstraliyada oltin vasvasasi boshlanadi. Bu yerga ko‘plab yevropaliklar ommaviy ravishda ko‘chib kela boshlaydi. Ana shunda xuddi Amerikada bo‘lganidek yevropaliklar mahalliy aholini qirib, ularga tegishli yerlarni egallab ola boshlaydi. Oqibatda 20-asrning boshlarida Avstraliyada bor yo‘g‘i 50-60 ming atrofida aborigen qoladi.
1909-yildan boshlab Avstraliya hukumatining qarori bilan aborigenlarning farzandlarini oilasidan ajratib olib, alohida koloniyalarda tarbiyalay boshlashadi. Bu holat 1970-yillargacha davom etadi. Avstraliya hukumati bu ishni aborigenlarning bolalariga yetarlicha ta’lim tarbiya berish va ularni jamiyatga moslashtirish deb izoh bergan. Bu ishning tanqidchilari esa hukumat aborigenlarni batamom qirib yuborish uchun shu ishni o‘ylab topgan deydi.
Bosniyadagi genotsid

1990-1991-yillarda sobiq ittifoq respublikalarida mustaqillik uchun boshlagan harakatlarning aks-sadosi Yugoslaviyaga ham yetib boradi. O‘sha paytda bu davlat tarkibida oltita ittifoqdosh respublika – Serbiya, Chernogoriya, Makedoniya, Sloveniya, Xorvatiya hamda Bosniya va Gersogovina bor edi.
Ana shunday sharoitda 1991-92-yillarda ittifoqdosh respublikalarning aksariyati o‘z mustaqilligini e’lon qiladi. Tabiiyki, bu serblarga yoqmaydi va ular o‘zboshimcha respublikalarni qurol kuchi bilan tiyib qo‘yishga kirishadi. Oqibatda sobiq Yugoslaviya respublikalari o‘z mustaqilligini qon to‘qib, qurbonlar berib himoya qilishga majbur bo‘ladi.
Tabiiyki, ittifoqdosh respublikalar aholisining ma’lum qismini serblar tashkil etgan va ular Yugoslaviya parchalanishiga qarshi edi. Shu tariqa mustaqillik uchun boshlangan urush keyinchalik etnik-diniy tus oladi, Pravoslav mazhabiga e’tiqod qilgan serblar katolik xorvatlar va musulmon serblarni ham qatliom qila boshlaydi. Ana shunday qatliomlarda Srebrenisa shahri va uning atrofida yashovchi 10 mingga yaqin odam o‘ldiriladi va buldozer yordamida ko‘mib yuboriladi.
1996 yilda Srebrenisa atrofidagi ommaviy qabrlar topila boshlanadi. Ular qazib ko‘rilganda ommaviy qabrlarning har biridan minglab odamlar jasadi chiqadi. Ilk ommaviy qabr 1996-yilda, so‘nggisi 2021-yilda topilgan.
Holokost

1933-yilda Hitler Germaniya kanseri bo‘ladi. Oradan bir yil o‘tib u o‘zini fyurer deb e’lon qiladi. Hitler yahudiy millatini juda yomon ko‘rgan. Shu sababli hokimiyat tepasiga kelganidan boshlab Germaniyada yahudiylar taqib ostiga olina boshlanadi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanib, fashistlar Germaniyasi Yevropa davlatlarini birin-ketin bosib olar ekan, barcha joyda yahudiy millatiga qarshi ov uyushtiradi. Nemis qo‘shinlari turli shahar va qishloqlarga kirib borar ekan, aholi va asirlar orasidan yahudiylarni ajratib oladi. So‘ng ularni konslagerlarga jo‘natishadi.
Konslagerlarda nemis olimlari yahudiylarda turli tajribalarni sinab ko‘rishadi va tadqiqotlar o‘tkazishadi. Shuningdek, ularning aksariyatini gaz kameralariga tiqib zaharlab o‘ldirishadi. So‘ng terisini shilib, sanoatda ishlatishdi, suyaklaridan o‘g‘it qilishdi.
O‘shanda fashistlar tomonidan 6 million nafardan oshiq yahudiy o‘ldirilgani aytiladi. Nemislar o‘ldirishga ulgurmagan yahudiylarni ittifoqchilar qo‘shinlari tomonidan ozod qilingan.
SSSRdagi genotsidlar

Jahon tarixida amalga oshirilgan genotsidlar orasida SSSRda amalga oshirilgan qirg‘inlar alohida o‘rin egallaydi. Bu davlat paydo bo‘lganidan boshlab o‘tgan asrning 50-yillarigacha turli millatlardan iborat millionlab insonlarni qirib yuborgan.
Bu davlatdagi ilk genotsidlar 1917-yilda oktyabr to‘ntarishidan keyin sodir etila boshlangan. Bolsheviklar Chor Rossiyasiga tegishli bo‘lgan hududlarni saqlab qolish uchun Boltiqbo‘yi, Ukraina, Kavkaz va O‘rta Osiyoda sovet hukumatiga qarshi chiqqan insonlar bilan birga tinch aholi vakillarini ham qirib yuborishadi.
Keyingi qirg‘in 1928-yilda mamlakatda kollektivlashtirish boshlanganda amalga oshiriladi. Boylar va o‘rtahollarning mol-mulklari tortib olinib o‘zlari uzoq o‘lkalarga surgun qilinadi. O‘shanda surgun qilinganlarning ko‘pchiligi og‘ir sharoitlarda halok bo‘ladi.
Shuningdek, 1932—1933-yillarda Ukraina, Rossiya va Qozog‘istonda yuz bergan ocharchilikda millionlab insonlar nobud bo‘lgan. Tarixchilar bu ocharchilik sovet tuzumi tomonidan uyushtirilganini aytishadi.
1937-yilda Stalin qatag‘onlari boshlanadi. Mamlakat bo‘ylab millionlab odamlarni “yot unsur”larga chiqarib qamoqlarga tashlashadi. Qozog‘istondan Uzoq Sharqqacha bo‘lgan hududlarda “GULag” (Qamoqxonalar bosh boshqarmasi) lagerlari tashkil etiladi. Ularda saqlanayotgan mahbuslar ochlik va sovuq tufayli o‘lib ketishadi.
Keyingi genotsid 1943-44-yillarda amalga oshiriladi. Nemislarga qarshi urushda SSSRning qo‘li baland kela boshlagach 1943-yil kuzida Stalin Kavkazda yashovchi bir nechta millatlarni surgun qilish haqidagi qaror chiqaradi.
Shundan so‘ng avval chechenlar, ingushlar, qorachoylar, 1944-yilda esa qrimtatarlar, mesxeti turklar “vatanga xiyonat”da ayblanib, surgun qilinadi. Ana shu surgun davomida ularning ko‘chiligi halok bo‘ladi.
Umuman olganda 1917-yildan 1953-yil Stalin vafotigacha Rossiya va SSSRda bolsheviklar tomonidan 20-25 million odam o‘ldirilgani aytiladi. Ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar Stalin va Lenin boshchiligidagi davlatda amalga oshirilgan qirg‘inlarni genotsid deb ataydi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Izoh (0)