“Liverpul” futbolchisi Luis Dias Myunxenning “Bavariya” klubi bilan kelishuvga erishdi. Bu haqda Germaniyaning Bild nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, endilikda “Bavariya” vakillari “Liverpul” klubi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlaydi. Unda transfer shartlari va tovon puli bo‘yicha kelishuvga erishish rejalashtirilgan.
Shuningdek, futbolchiga “Barselona” klubi ham qiziqish bildirgan. Kataloniya jamoasi uni Niko Uilyams transferi amalga oshmay qolganidan so‘ng asosiy nishoniga aylantirgan edi. Ammo Diasning “Bavariya”ga o‘tish qarori “ko‘k-anorranglilar” rejasini barbod qilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Luis Dias 2022-yil yanvar oyidan beri “Liverpul” safida to‘p surmoqda. 2024/25-yilgi mavsumda u barcha musobaqalar doirasida jami 50 o‘yinda maydonga tushib, 17 ta gol urdi va 8 ta golli uzatma amalga oshirdi. Futbolchining mersisaydliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali unga 70 million yevro qiymat belgilagan.
Izoh (0)