O‘zbekiston Superligasi 15-turi doirasida navbatdagi ikki bahs bo‘lib o‘tdi. Toshkentdagi “Jar” stadionida “Paxtakor” “Navbahor”ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Samarqandda esa “Dinamo” va “Nasaf” o‘zaro bahsda 2:2 hisobida durang o‘ynadi.

Toshkentdagi o‘yinda hisob 22-daqiqada ochildi. “Sherlar”ning braziliyalik legioneri Flamarion raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining birinchi goliga mualliflik qildi. Ikkinchi bo‘limning 65-daqiqasida Igor Sergeyev “Paxtakor”ning ikkinchi golini urdi.
Mazkur natija o‘yin yakunigacha o‘zgarmadi va “Paxtakor” o‘z hisobiga navbatdagi 3 ochkoni yozdirib qo‘ydi. Ushbu g‘alaba evaziga “sherlar” ochkolarini 26 taga yetkazib, turnir jadvalida 6-pog‘onaga ko‘tarildi. Xuddi shuncha ochkoga ega “Navbahor” esa 7-o‘rinni egallab turibdi.
Samarqandda kechgan “Dinamo” — “Nasaf” uchrashuvi murosasiz kurashlarga boy kechdi. Qarshi klubi 16-daqiqada Alibek Davronovning goli evaziga hisobda oldinga chiqdi. Oradan 10 daqiqa o‘tib, Anvarjon Hojimrizayev “Dinamo”ning hisobni tenglashtiruvchi goliga mualliflik qildi.
Birinchi bo‘lim so‘ngida samarqandliklar Marko Stanoyevichning penaltidan kiritilgan goli evaziga hisobda oldinga chiqib oldi. 85-daqiqada Akmal Mozgovoy “Nasaf”ning ikkinchi golini urib, natijani 2:2 ko‘rinishiga keltirdi.
Uchrashuv oxirigacha natija o‘zgarmadi va jamoalar 1 tadan ochkoni bo‘lishib olishdi. Ayni paytda “Nasaf” 33 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, 29 ochkoga ega “Dinamo” ikkinchi o‘rinni band etgan.
O‘zbekiston Superligasi
15-tur
6-iyul, yakshanba
“Paxtakor” — “Navbahor” 2:0
Gollar: 1:0 — Flamarion (22), 2:0 — Sergeyev (65)
“Dinamo” — “Nasaf” 2:2
Gollar: 0:1 — Davronov (16), 1:1 — Hozimirzayev (26), 2:1 — Stanoyevich (45+4, penalti), Mozgovoy (85)
Izoh (0)