Buxoro viloyatining Olot tumani, “Jayxunobod” MFYda joylashgan “Siroj serviz” MCHJga qarashli propan gaz quyish shoxobchasida 23-may kuni soat 21:15 larda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat FVB xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, zapravkada “Kamaz”ga gaz quyish vaqtida chaqnash sodir bo‘lishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Voqea joyiga 2 ta yong‘in qutqaruv avtoekipajlari soat 21:19 da yetib borgan. Yong‘in soat 21:40 da o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida hech qanday portlash sodir bo‘lmagan. Yong‘indan avtomobilning yon tomonidagi gaz quyish agregatlari va suyultirilgan uglevodorod gazi qisman yongan.
Dastlabki ma‘lumotga ko‘ra, yong‘inni o‘chirishga harakat qilgan fuqarolarning tan jarohati olish holatlari qayd etilgan.
Yong‘inni kelib chiqish sababi — yoqilg‘i quyish vaqtida texnologik jarayonni buzilishidan deya taxmin qilinmoqda.
2024-yilning yanvar oyi o‘rtalarida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi metan zapravkada ham “Jiguli”da yong‘in chiqqandi. Oktyabr oyida Qarshi tumanidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘lgandi.
2025-yilning fevralida esa Andijondagi zapravkada havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan edi.








