Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 16-iyul kuni kechasi avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida (AGTSh) sodir bo‘lgan portlash bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilindi. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, AGTShga faqat avtomobillarga gaz to‘ldirish faoliyati uchun ruxsat berilgan bo‘lishiga qaramay, xavfsizlik talablari buzilib, maishiy ballonlarga gaz to‘ldirish ishlari amalga oshirilgan. Hodisa vaqtida “Labo” rusumli avtomobilda olib kelingan 100 litrli maishiy gaz ballonlari qo‘lbola tayyorlangan o‘tish moslamasi (perexodnik) orqali to‘ldirilayotgan bo‘lgan.
Uchinchi ballonni to‘ldirish jarayonida shlang ulanish joyidan ajralib, chaqnash sodir bo‘lgan va bu gaz ballonlarining ketma-ket portlashiga sabab bo‘lgan. Oqibatda 2 ta gaz balloni portlagan, 4 tasi yongan. Avvalroq xabar berilganidek, 3 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatlarini olgan. Jabrlanuvchilarning bir nafari og‘ir (80% kuyish), ikki nafari esa o‘rta og‘ir ahvolda.
Ayni vaqtda qo‘mita mutaxassislari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, sudga oid kompleks ekspertiza tayinlangan.
Qo‘mita barcha AGTSh rahbarlarini maishiy ballonlarga gaz to‘ldirish qat’iyan man etilishi, fuqarolarni esa xavfsizlik qoidalariga amal qilib, maishiy ballonlarni faqat vakolatli tashkilotlar orqali belgilangan tartibda to‘ldirish zarurligi haqida ogohlantirdi.
8-iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida joylashgan maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida ham portlash sodir bo‘lib, hodisa oqibatida 6 nafar fuqaro halok bo‘lgandi. Boshqa bir vaziyatda esa Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi propan zapravkada yong‘in chiqqan.








