Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida Nexia haydovchisi bosib ketgan velosipeddagi bola vafot etdi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.

Unga ko‘ra, Beshariq tumanida katta tezlikda ketayotgan Nexia-2 avtomashinasi va yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Sudlanuvchi mashinani katta tezlikda boshqargan.
YTH oqibatida 2013-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bola shifoxonada vafot etgan. Ekspertizaga ko‘ra, mashinaning harakat tezligi 124 km/soatni tashkil etgan.
Haydovchi uch yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 5 yilga qamaldi.
Yo‘llarda bolalar o‘limi
2024-yil noyabr oyida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Cobalt katta tezlikda voyaga yetmagan ikki qizni urib yubordi. Shuningdek, Samarqandda avtobus maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Surxondaryoda 1-sinf o‘quvchisi Nexia urib yuborishidan vafot etgandi.
Senat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH yuz berib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.
Sentyabrda Toshkentda BYD 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Xuddi shu kabi holat iyul oyida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanayotgan BYD piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli qizaloqni bosib ketgan. O‘sha oyda Samarqandda 7 yashar bola avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Aprelda Jizzaxda sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi.
Bolalar ishtirokida ayanchli YTHlar ko‘paygach, jamoat faollari yo‘llarda bolalar o‘limi uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerakligini aytdi.
- Namanganda 16 yoshli qiz boshqaruvidagi Spark kanalga tushib ketdi.
- Yana Namangan: 4-sinf bola 10-sinf o‘quvchisi boshqaruvidagi Cobalt urib yuborishi oqibatida vafot etdi.
- “Tormoz ishlamay qoldi”. Namanganda ikki sinfdosh ijaraga olingan mashinada YTHga uchradi (video).
YTHlar statistikasi
O‘zbekistonda 2025-yilning dastlabki uch oyida YTH sodir etishi oqibatida 891 nafar shaxs sudlandi.
2024-yil davomida Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan 3 321 nafar shaxs sudlangan. Ularning 917 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 2 404 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
2025-yilning I-choragi mobaynida ushbu modda bilan 891 nafar shaxs sudlanib, ularning 173 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, 718 nafar fuqaroga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Izoh (0)