O‘zbekistonda 2024-yilning o‘tgan davrida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga jami 215 mlrd 648 mln so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, 2024-yilning shu kuniga qadar 2 156 ta isteʼmolchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
Xususan 88 mln 529 ming metr kub tabiiy gaz (132 mlrd 701 mln so‘m) va 77 mln 366 ming kilovatt-soat elektr energiyasidan (82 mlrd 948 mln so‘m) noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga jami 215 mlrd 648 mln so‘m zarar yetkazilganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, so‘ngi ikki oyda kriptoaktiv va mayning faoliyati bo‘yicha elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan isteʼmolchilarni aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 42 ta holat aniqlandi. Ushbu aniqlangan holatlar yuzasidan elektr taʼminoti korxonasi tomonidan jami 26 mlrd 82 mln so‘m (7 mln 999 ming kilovatt/soat) miqdori qayta hisob-kitob qilindi.
2024-yilning shu vaqtiga qadar isteʼmolchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 1 484 ta maʼmuriy ish rasmiylashtirildi. Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlarning 795 tasi elektr energiyasi, 689 tasi esa tabiiy gazdan foydalanishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilganligi maʼlum bo‘ldi.
Izoh (0)