Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining qoldirilgan 19-turida “Olimpik” “Buxoro” ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yinning 100-daqiqasida “Buxoro” jarima maydonchasi ichida mehmonlar a’zosi yiqilgach, uchrashuv bosh hakami Komiljon Rasulov 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Shundan so‘ng, uchrashuv VAR hakamlari uni monitor yoniga chaqirdi va takrorlarni ko‘rib chiqishga chorladi. Bosh hakam esa takrorlardan so‘ng ham qarorini o‘zgartirmagach, penalti baribir belgilandi.
Natijada, o‘yin taqdirini hal qilgan ushbu bahsli vaziyat bo‘yicha Ekspert-hakamlar komissiyasining favqulotda yig‘ilishi tashkil qilindi va mutaxassislarning umumiy xulosasi olindi. Quyida ushbu xulosa va qarorni e’tiboringizga havola etamiz.
“Mazkur vaziyatda birinchi bo‘lib “Buxoro” himoyachisi to‘pga o‘ynagan. Ma’lumki, bu kabi holatlarda garchi raqib futbolchisiga nisbatan biroz qo‘pollik sodir etilsa ham, himoyalanayotgan jamoa a’zosi to‘pga o‘ynagan bo‘lsa, penalti belgilanmaydi. Shu qoidalarga asoslangan holda, ekspertlar bir ovozdan penaltining noto‘g‘ri belgilanganini qayd etishdi.
Mazkur vaziyat ishi O‘FA hakamlar qo‘mitasiga oshirildi va tez orada qo‘mita xulosasi ham taqdim etiladi. Shuningdek, bu holat O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasida ham ko‘rib chiqiladi”, — deyiladi bayonotda.
Izoh (0)