O‘zbekiston 2023-yilda 4,5 milliard dollar tashqi qarz jalb qilmoqchi. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov bugun, 19-dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qildi.
Timur Ishmetovning aytishicha, olinadigan qarzning 2,5 milliard dollari davlat budjetini moliyalashtirish uchun sarflanadi.
“O‘tgan yili tashqi qarzni yillik 4 milliard dollar olamiz deb reja qilgan edik. Lekin pandemiya boshlandi. Shu sababli qarz miqdorini 5 milliard dollarga oshirishga to‘g‘ri keldi. Keyingi yili qarz olishni 4,5 milliard dollarga tushirishni reja qilganmiz. Budjet taqchilligining eng yuqori ko‘rsatkichi 3 foiz bo‘lishi kerak. Bu defitsitni qoplash uchun tashqi qarz olishni ham kamaytiramiz degani. Kelasi yili olinadigan 4,5 milliard dollardan 2,5 milliard dollari budjetni moliyalashtirishga ishlatiladi”, – dedi vazir.
Avvalroq O‘zbekistonning davlat qarz qoldig‘i 2022-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, 26 milliard dollarni tashkil qilgandi. Bunda mamlakatning tashqi qarzi 23,36 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, ichki qarz 2,77 milliard dollar bo‘lgan.