Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ijtimoiy tarmoqlarda Putinning To‘qayevga Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “uch tomonlama gaz ittifoqi” tashkil etishni taklif qilgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Telegram’dagi kanalida mazkur masalada o‘z tahlillarini bildirdi.

Kamoliddin Rabbimov

Kamoliddin Rabbimov
Foto: “Daryo”

Kamoliddin Rabbimov fikricha, O‘zbekiston bunday ittifoqqa qo‘shilmaydi.

Ishonchim komil, O‘zbekiston bu ittifoqqa qo‘shilmaydi. Sabablari ko‘p. Birinchidan, O‘zbekiston o‘zining energetik oldi-sottisini Rossiya bilan muvofiqlashtirsa, o‘zining energetik va geosiyosiy mustaqilligini tep-tekis joyda qisqartirgan, toraytirgan yoki yo‘qotgan bo‘ladi. Ikkinchidan, ihotalangan Rossiyaga energetik va savdo-iqtisodiy hamda geosiyosiy munosabatlar ustidan monopoliyani saqlab qolishda, o‘zining manfaatlarini qurbon qilib bo‘lsa-da, yordam bersa, shimoliy imperiyalizmning yashovchanligini uzaytirgan bo‘ladi. Qolaversa, ikkilamchi sanksiyalarga o‘zini ataylab duchor qilgan bo‘ladi.

O‘zbekiston — Markaziy Osiyodagi geosiyosiy eng mustaqil davlat. Xohlaganda KXSHTga kirib, xohlaganda chiqadi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida ham kuzatuvchi bo‘lib, bu tashkilotga a’zo davlatlarning o‘zaro aloqalarini ichkaridan va bepul tomosha qilishni yaxshi ko‘radi. Lekin, bu ishlarga aralashib, o‘ziga katta mas’uliyat yoki og‘ir gunoh olmaydi. Shu paytgacha Yevrosiyo Ittifoqiga to‘liq kirmagan O‘zbekiston endi, sanksiyalar bosimi ostida turgan Rossiyaning yangi “ittifoqi”ga qo‘shiladimi? Menimcha, hali ham ba’zilar O‘zbekistonni yaxshi tushunmagan ko‘rinadi.

Kamoliddin Rabbimov Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning Rossiyaga tashrifi bo‘yicha ham munosabat bildirgan.
Qo‘shni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng, yangi va oxirgi yetti yillik vakolatga saylangan prezident To‘qayev o‘zining birinchi davlat tashrifini Rossiyadan boshlagan. Shu tashrif chog‘ida, Rossiya tomoni To‘qayevga “keling, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida energetik ittifoq tuzaylik!”, degan taklifni bildirgan. Bunga javoban, To‘qayev “nima uchun yo‘q, men roziman”, degan, qutulgan.

Avvalo, To‘qayevning Rossiyaga tashrifini chuqurroq tushunish muhim. Keyingi uch yil davomida To‘qayev va Putinning munosabatlari sovuq, ular bir-biriga mutlaqo ishonmaydi. Lekin diplomatik mulozamat qilishga majbur. Putin Ukraina bilan band. Qozog‘istonga ikkinchi frontni ocha olmaydi. Resurs yetmaydi. To‘qayev ham saylovdan keyingi o‘zining birinchi tashrifini Rossiyadan boshladi.

Bu “tinchlantirish tashrifi” deyiladi: “tinchlan, men senga dushman emasman, men senga qarshi bormayman. Agar o‘zing mening hududim va mustaqilligimni hurmat qilsang, dushman bo‘lmaymiz”.

Qozog‘iston elitasi yaxshi tushunadiki, Putinning siyosiy umri katta tezlikda qisqarib boryapti. U sarosimaga tushgan payt, uning qahr-g‘azabi Qozog‘istonga yo‘nalishiga imkon bermaslik kerak. Shuning uchun Moskvaga borib, Putinni tinchlantirish muhim edi. Endi Moskva tomonidan “keling, uchlik ittifoqi tuzaylik”, degan taklifga To‘qayev “yo‘q” deb javob bersa, mehmonga borib mezbonni yana sazoyi qilgan bo‘ladi.

O‘tgan safar Piterda Putinning yonida o‘tirib, “men sening DXR va LXRlaringni tan olmayman”, degani haliga qadar Putinning asabiga tegadi. Shuning uchun bu safar ham Putinni asabiylashtirmaslik uchun “ha, mayli, bo‘lsa bo‘la qolsin shu ittifoq”, deb qutuldi. Lekin bu ittifoq Qozog‘istonga og‘ir yuk bo‘ladi, buni To‘qayev yaxshi tushunadi.

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos

Avvalroq Kamoliddin Rabbimov “Putin Rossiyani imperiyaga aylantirishni orzu qilib, uning bor qudratiga ham tarixiy zarba berib qo‘ydi”, deya fikr bildirgandi.

Izoh

Abduraxmon

29.11.2022, 20:09

россия охири башараси билан йикилди, бизни халкимизни канча кирган катагон килган, сургун килган агар биз тарихни унутсак биз хам йикиламиз, боткогига ботаверсин шунга арзийди

Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Qo‘shimcha talab etiladigan 37,5 ming tonna piyoz 1-aprelga qadar ichki bozorlarga kiritiladi
Mahalliy
“YouTube’dagi obunachilarimiz soni MDH mamlakatlari IIV kanallarinikidan ham ko‘p” — Shohrux G‘iyosov IIVning mediamakondagi faoliyati haqida gapirdi
Mahalliy
Toshkentda yo‘lovchi avtobus yonib ketdi