Uzbekistan Trade Info loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilib, Markaziy Osiyoning besh davlatida mintaqaviy va xalqaro savdoning rivojlantirilishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. 23-noyabr kuni Toshkentda xalqaro savdo markazining milliy hamkorlar bilan birgalikdagi Ready4Trade—Markaziy Osiyo loyihasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Ma’lum bo‘lishicha, xalqaro savdo markazi savdo muhitini yaxshilashga ko‘maklashadi, chegaradagi faoliyatni yanada samarali boshqarishga, jumladan, Jahon savdo tashkilotining savdo tartibotlarini soddalashtirish bitimini amalga oshirish vositasida yordam beradi.
Hozirda ushbu platformada 47 ta tovar guruhlari hujjatlashtirilgan va biz ushbu tovar guruhlarini kengaytiramiz, shunda O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ushbu ma’lumotlardan savdo tartib-qoidalarini amalga oshirishda foydalanishlari mumkin bo‘ladi.Ushbu loyiha mintaqadagi bir qancha davlatlar uchun mo‘ljallangan, bular Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistondir. Platforma Ready4Trade loyihasining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, mazkur loyiha realizatsiyasi transchegara talablari shaffofligini oshirish, savdoning me’yoriy va protsedura to‘siqlarini bartaraf etish, korxonalarning savdo rasmiyatchiligi va standartlariga amal qilish imkoniyatlarini kuchaytirish, shuningdek, transchegaraviy elektron tijoratni yaxshilashga yordam beradi, — deydi O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi shu’ba mudiri Anastasiya Belova.
Xalqaro savdo markazi va O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Savdoni soddalashtirish platformasini ishlab chiqishda hamkorlikni amalga oshirmoqda.
Mazkur loyihaning joriy etilishi tadbirkorlar uchun o‘zlarini biznesini oldindan to‘g‘ri rejalashtirishga va kelgusida aniq, ishonch bilan olib borishga xizmat qiladi. Bugungi kunda tadbirkorlarni qiynayotgan savollardan biri qanday import va eksport qilish mumkin, kabi savollar ko‘p. Ushbu portalda esa har bir idoraning eksport-import jarayonlarida talab etadigan sarf-xarajatlari, hujjatlari batafsil bayon etilgan, — deydi Strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini yengillashtirish boshqarmasi bosh inspektori Shukrullo Mo‘minov.Shu bilan birga, platforma to‘liq avtonom boshqarilishi uchun mas’ul jamoa salohiyatini mustahkamlash, uning xususiy sektor tomonidan foydalanishini ta’minlash ustida ish olib boradi. Amaliyotni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tashkilotlari va xususiy sektor vakillari uchun axborot seminarlari tashkil etiladi.
Izoh (0)