Samarqandda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti davomida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mazkur tashkilot qudratli kuchga aylanishi kerakligi haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikni yanada mustahkamlash va uni yangi bosqichga olib chiqishdan Qozog‘iston ham manfaatdor.
Turkiy mamlakatlarni birlashtirgan tashkilotlar tarixi shuni ko‘rsatadiki, ularning aksariyati, jumladan, TURKSOY, TurkPA va Turkiy akademiya Qozog‘iston tashabbusi bilan tuzilgan. Bu tashkilotlar qardosh xalqlarimizning madaniy-ma’naviy yaqinlashuvining haqiqiy dirijyorlariga aylandi. O‘zaro hamkorlikni mustahkamlashda Turkistondagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti alohida o‘rin tutadi.
Qozog‘iston tashabbusi bilan Turk dunyosi istiqbollari – 2040 dasturi asosida Turkiy davlatlar tashkilotining strategiyasi qabul qilinadi. Shubhasiz, mazkur hujjat davlatlarimizni birlashtirgan o‘zaro hamkorlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois hamkorligimiz muvaffaqiyatli bo‘ladi, deyishga to‘la asos bor.
Biz mintaqaviy va global kun tartibidagi masalalarni hal etishda faol ishtirok etib, qudratli va nufuzli kuchga aylanishimiz kerak. Hozirgi geosiyosiy va geoiqtisodiy qarama-qarshiliklar Yevrosiyo qit’asining iqtisodiyoti va transport-logistika tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biz barcha chaqiriq va tahdidlarga birgalikda qarshi turish uchun birdamlikni namoyon etishimiz kerak, — deydi prezident.
Mavzuga doir: