Andijonlik tadbirkor 18-oktabr kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangani, jamoatchilik esa Andijon hokimi va vazir mojarosiga sabab bo‘lgan farmkompaniya rahbari viloyat SSBga boshliq bo‘lganini muhokama qilgani haqida xabarlar berilgan edi. Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tayinloviga hali bir oy ham to‘lmagan Jur’atbek Quvvatov lavozimidan ozod qilinishini so‘rab, ariza yozgan.
Ta’kidlanishicha, 2022-yil 8-avgustda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, ushbu qonun 10-noyabr kunidan kuchga kirgan. Mazkur qonunning 13-moddasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisiga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy boshqaruv, ma’muriy xo‘jalik vazifalarini bajarishga cheklovlar qo‘yilgan.
Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Jur’atbek Quvvatov tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Yuqoridagi qonun kuchga kirishi munosabati bilan qonunning 19-moddasida ta’kidlangan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish maqsadida J.Quvvatov egallab turgan lavozimidan ozod qilinishini so‘rab ariza bilan murojaat qilgan.