Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Andijonda maktab o‘quvchilariga viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bilan uchrashuvda savollarga shukronalik bilan javob berish lozimligi, “svet” va gaz muammosidan gapirmaslik, ko‘zi yonib, kulib turishi talab qilingan xabarlar tarqalgandi.

“Daryo” muxbiri mazkur topshiriq kimdan chiqqanini, shuningdek, bu holatga tuman hokimi qanday izoh berishini bilish maqsadida Jalaquduq tumanidagi 10-maktabda bo‘ldi.

Foto: “Daryo”
Tuman hokimi Hikmatillo Latipovning aytishicha, 2022-yilning 2-noyabr kuni maktabda hech qanday uchrashuv o‘tkazish belgilanmagan. Shuningdek, hech kimga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq ham berilmagan.
Hokimiyat vakillari yoki kimdir borib u yerda yuqori organdan keladigan vakillarga “svet”, gaz va kommunal masalalarida muammoyimiz yo‘q degan gapni aytishi kerakligi ta’kidlangan. Avvalambor, u yerda rahbariyat, masalan men bilan yoshlarning hech qanday uchrashuvi belgilanmagan. Maktabning o‘zida haqiqatdan tozalov ishlarini o‘tkazayotgan edik. Oqlash, ko‘klash, qishga tayyorgarlik, isitish tizimi va boshqa narsalar qilinayotgan edi. Ushbu ishlar aynan bu maktabda emas tumandagi hamma maktablarda amalga oshirilmoqda. Hozir boshqa maktabga borsangiz, misol uchun 43-maktabda ham shu xuddi shu jarayon davom etyapti. Faqat endi bu yerda qandaydir o‘qituvchilarning o‘rtasida mediasavodxonlikning yetishmaganligimi yoki bu narsadami tushunmovchilik kelib chiqqan. Ijtimoiy tarmoqlarda shunday fikrlar ketayaptiki, to‘g‘risini biz ham nima bo‘layotganini tushunmayapmiz, — deydi Jalaquduq tumani hokimi.

Hikmatillo Latipov.

Hikmatillo Latipov.
Foto: “Daryo”

Hokimning ta’kidlashicha, ushbu maktabga viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning kelishi rejalashtirilmagan.

Bu maktabda nafaqat mening, viloyat hokimining ham yoshlar bilan uchrashuvi belgilanmagan. Agarda uchrashuv bo‘lganda edi biz buni oldindan bilgan bo‘lardik va tayyorgarlik qilib, boshqa narsalarni o‘tkazayotgan bo‘lardik. Lekin rejalashtirilmagan narsalar orqasidan tushunmovchiliklar, e’tirozlar bo‘lyapti. Buning natijasi kimga kerakligini to‘g‘risi, biz o‘zimiz ham tushunmayapmiz, — deydi tuman hokimi Hikmatillo Latipov.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan topshiriqni yozgan maktab targ‘ibotchisi Baxtiyora Mamajonovaning ta’kidlashicha, u “svet” va gaz muammosi haqida bolalar oldida gapirmaslik lozimligini o‘qituvchilarga qarata yozgan.

Baxtiyora Mamajonova.

Baxtiyora Mamajonova.
Foto: “Daryo”

O‘qituvchining tushuntirishicha, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari o‘qituvchilarga dars paytida qishloqda yuzaga kelayotgan muammolar — elektr tokining o‘chishi, gazdagi muammolar haqida gaplashmaslik haqida topshiriq bermoqchi bo‘lgan va bu topshiriqni yozma tarzda yozishni maktab targ‘ibotchisiga topshirgan. Hamda targ‘ibotchi tomonidan yozilgan matnlar direktor o‘rinbosari tomonidan maktabdagi guruhlarga tarqatilgan.

Bu haqida yuqoridan alohida topshiriq olinmagan. Maktabimizda hokim tashrifi kutilmagan. Men yozgan gaplar kundalik topshiriqlar edi. Kundalik o‘quv jarayonlarida o‘quvchilarga berib borilishi kerak bo‘lgan savollar va ularning javoblari edi. Anglashilmovchilik bo‘lgan. Aslida Telegram’da uchta xabar bir-biriga qo‘shilib ketgan. Bu esa maktabning ichki guruhlariga, so‘ngra tashqi guruh va kanallarga tarqalib ketgan.

Bu topshiriq aslida o‘qituvchilarga berilgan bo‘lib, bundan maqsad o‘qituvchilar dars paytida yosh bolalarga qishloqdagi muammolar haqida gapirib yurmasliklari uchun bo‘lgan. Bola o‘ynab kulishi kerak. Yoshlik davrining gashtini surishi kerak. O‘qishi, ilm olishi, boya aytib o‘tganimday shukronalik hissi bilan ulg‘ayishi kerak, — deydi gapi-gapiga qovushmagan o‘qituvchi.

Foto: Skrinshot

Jamoatchilik, shuningdek Telegram kanallarida tarqalgan va savodsizlarcha yozilgan topshiriqda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yilganiga ham e’tibor qaratgan. O‘zlarining nazdida o‘qituvchilarga berilgan topshiriq, shuningdek kundalik savol-javoblar haqidagi yozishmalarda davlat gerbining qabul qilingan sanasi 1998-yil 2-iyul deb ko‘rsatilgan. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi 1992-yil 2-iyul kuni qabul qilingan.

Shu topshiriqni bergan yoki bu yozishmalarni maktab guruhlarida tarqatgan, shuningdek bu yozishmalarni o‘qigan maktab direktori, o‘rinbosarlari, boshqa o‘qituvchilar, jumladan tarix fani o‘qituvchilari nahotki shu oddiy ma’lumotda xato qilishgan yoki to‘g‘rilashga aqli yetmagan bo‘lsa, — deydi mazkur holat haqida “Daryo” muxbiriga fikr bildirgan suhbatdoshlardan biri.
“Daryo” muxbiri mazkur maktab mas’ullari va topshiriq muallifi bilan suhbati davomida “o‘quvchilarning kelajakda o‘qish niyati bo‘lmasa-da, hokimga yuz foiz o‘qish niyati borligini aytishi kerakligi haqida yozilgan topshirig‘i sababiga aniqlik kiritolmagan. Boisi gapi-gapiga qovushmagan mas’ullarning bu borada aniq gapi bo‘lmagan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Nukus voqealari bo‘yicha uch nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi qamoqqa olindi 
Dunyo
G7 davlatlari Xitoy, Shimoliy Koreya va Eronga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda — Bloomberg
Mahalliy
Oʻzbekistonning yanvar oyidagi budjet daromadi ochiqlandi